“Tushimda 20 yildirki Amerikani emas, Samarqandni ko‘raman”. Xonanda Safiya Saftarova muhojirlikdagi hayoti va armonlari haqida

“Tushimda 20 yildirki Amerikani emas, Samarqandni ko‘raman”. Xonanda Safiya Saftarova muhojirlikdagi hayoti va armonlari haqida
“Vatan yagonadir” qo‘shig‘i bilan tanilgan, hozirda Amerikada yashab ijod qilayotgan xonanda, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Safiya Saftarova “Izlarim” loyihasiga intervyu berdi. U musiqaga qiziqishi qanday boshlanganini, maktab yillarini, Amerikaga kelgach esa uzoq yillar ona shahrini sog‘inib yashaganini so‘zlab berdi.
“Oilada 10 farzand bo‘lganmiz”
Besh qiz, besh o‘g‘ilmiz. Men oilada yettinchi farzandman. Birinchi sinfda Yangi yil bayramida Qorbobodan sovg‘a olish umidida ilk bor qo‘shiq aytganman. Hamma she’r aytgan, men esa Sultonposhsha O‘dayevaning “Onajon” qo‘shig‘ini kuylab bergandim. Qo‘shni qizlar mendan ham oldin kelib, onam, aka-ukalarimga Safiya maktabda qo‘shiq aytdi, deb aytishgan. Uyda ham qo‘shiq ayttirib ko‘rishdi. Akam o‘sha paytda san’at sohasida tahsil olardi, men bilan ham o‘zi shug‘ullangan. Keyin dadam pianino olib bergan edi.
Bobo-buvilarim, ajdodlarimiz ham san’atkor bo‘lgan. Onam rahmatli mening qo‘shiqchi bo‘lishimni juda xohlardi, uning orzusini amalga oshirdim. Dadam 20 yoshida Ulug‘ vatan urushiga ketgan, qaytgach esa o‘zi musiqa bilan shug‘ullana olmagan. Ammo yuragida shu istak qolgan. Shu bois oshnalari bizning uyga kelsa, menga pianino chaldirardi. Dadam meni “Qizim katta bo‘lsa, Muhabbat Shamayev bo‘ladi” derdi. Dadamning orzulari ro‘yobga chiqqan deb o‘ylayman. Akalarim bilan ansamblda ishlaganmiz, oilaviy ijod bilan shug‘ullanganmiz, deydi Safiya Saftarova bolaligini eslab.
“Chaqaloqligida artist bo‘lishini aytishgan”
Onam savdogar edi, Safiyani uyda tashlab ketishning iloji bo‘lmagani uchun o‘zi bilan savdoga olib ketgan. Ish bilan ovora bo‘lib, singlimni qo‘lidan qo‘yib yuborsa, u yig‘lab yuborgan ekan. Shunday chiroyli yig‘laganidan, bir rus ayol “Bu chaqaloqning ovozi tiniq ekan, katta bo‘lsa artist bo‘ladi”, deb aytgan ekan, deydi Safiya Saftarovaning opasi.
“Safiya akkordeonning orqasidan ko‘rinmay qolardi”
Safiya Saftarova mustaqillik bayrami arafasida O‘zbekistonga, o‘zi tug‘ilib o‘sgan Samarqand shahriga keldi. Shu bahona u qadrdon sinfdoshlari bilan ham uchrashib, maktab yillarini yodga oldi.
— 1983-yilda 18-sonli maktabni bitirganimizga 43 yil bo‘libdi. Ko‘p ustozlarim olamdan o‘tibdi, Alloh ularni rahmat qilsin, deydi Safiya Saftarova.
— Musiqa xonamizda pianino bo‘lardi. Darsdan keyin kirib, Safiya bizga Alisher Navoiyning bolaligi sahnalashtirilgan spektakl musiqasini chalib berardi. Yana Rossiya telekanallarida beriladigan “Jonivorlar olamida” dasturining musiqalarini ham o‘rganib, maromiga yetkazib chalardi. Hech qaysi tadbir, ko‘rik-tanlovlarimiz Safiyasiz o‘tmas edi, deya eslaydi Safiya Saftarovaning sinfdoshi.
Unga xonaning o‘rtasiga bir stul qo‘yib berardik. Haligi akkordeon kattaligidan orqasida Safiya ko‘rinmay qolardi, xuddi musiqa asbobi o‘zi chalinayotgandek (kulib). Mana bugun, taqdir taqozosi bilan men ham Amerikada yashayman, Safiya bilan o‘sha yerda tez-tez ko‘rishib turamiz, deydi boshqa sinfdoshi maktab davrlarini eslab.
“Amerikaga ilk bor konsert uchun kelganmiz”
Men bilan sevimli ustozim Sultonposhsha O‘dayeva ham kelgan. Yubileyda qatnashib, ustozim bilan yana o‘zimiz ham konsert bergan edik.
Samarqandda san’atdan tashqari hisobchilikni ham o‘rganganman va loyihalash institutida katta hisobchi bo‘lib ishlaganman. To‘g‘risini aytsam, hech qachon mehnat ta’tiliga chiqmaganman. Bir oylik ta’til bo‘lsa ham, uni gastrol uchun rejalashtirardim.
Amerikaga ko‘chib kelib ham ijodim to‘xtab qolmadi. Yaqinda ham “Samarqandda izlarim qoldi” degan yangi qo‘shiq chiqardim. Fortepianoda chalishni o‘rganib bo‘lgach, qo‘shiq bastalashni ham mashq qila boshlaganman. Deyarli hamma qo‘shiqlarimni o‘zim bastalaganman. Faqat bir marta kompozitor Dilorom Omonullayeva “Lolacha” qo‘shig‘imni yozib bergan edi, deydi u.
“Chet elda ham ijodimni davom ettiryapman”
Hatto Samarqanddan Toshkentga kelib yashab, ishlash taklifi berilganida ham ko‘chib o‘tmagan odamman. O‘z shahrimni juda sog‘inib qolishim sababli bir kun kelib begona joylarda yashashni tasavvur ham qilmasdim. Ammo hozir shu yerda yashashim irodamni mustahkamlay oldi, deb o‘ylayman. Hozir ham shu yerda konsertlar, to‘y xizmatlarida qatnashaman, yangi qo‘shiqlarim bilan televideniyeda chiqishlar qilaman, deydi Safiya Saftarova.
“Tushimda Amerikani emas, Samarqandni ko‘raman”
Tush ko‘rsam, Amerikani emas, doim mahallamni ko‘raman. Chamadonlarim bilan samolyotdan tushib, ota-onamning uyiga kelayotgan bo‘laman. Shuni bildimki, odam qanchalik uzoqda bo‘lmasin, ruhi o‘z vatani bilan qolarkan. Xudoga shukr, hali ham O‘zbekiston fuqarosimiz, Samarqandda uy-joyim bor. Rizqim qo‘shilgan ekan, Nyu Yorkda yashayapman, deydi xonanda.
“Metro vagonida qo‘shiq bastalagan paytlarim bo‘lgan”
Yana amerikalik bolalarning uyiga borib fortepianodan dars berganman. Rasman ishga kirish uchun esa menda bu yerning diplomi bo‘lmagan. Keyin boshqa sohalarda ishlab, Navro‘z kabi bayramlarda qo‘shiqlar aytib, asta-sekin tanilib, disklarimni chiqara boshlaganman, deydi u.
“Amerikada imkoniyatlar keng”
— Amerika menga nima berdi? Ko‘p tillarni o‘rgandim, muhitning o‘zi yordam berdi. Bundan tashqari fors tilida ko‘proq qo‘shiq kuyladim va eroniylar ansambli bilan ishladim. Eronliklar yashaydigan tumanlarga borib, bayram, konsertlarda xizmat qildim. Bu tilni o‘z-o‘zidan o‘rganib ketdim. Undan tashqari ozar tilini ham o‘rgandim. Qo‘shiqlarimning ma’nosini yanada yaxshiroq tushunish uchun. Bilgan tillarim qatoriga yana uchtasi qo‘shildi. O‘g‘lim ham yonimda — skripka chaladi, deydi u.
“Farzandlarim o‘zimning yonimda”
To‘ylarga, suratga olish ishlariga ketganimda farzandlarimni doim onamga ishonib ketganman. Shuning uchun ularning tarbiyasida keksalarning mehnati seziladi. Men ham endi o‘z nabiralarimga shunday yaxshi tarbiya berishga harakat qilaman.
Hozir Amerikada o‘g‘lim, kelinim, qizim va nabiralarim bilan yashaymiz. Qizim Sevaraxon Amerikada o‘qib, auditorlik bo‘yicha magistrlik diplomini oldi. Hozir yaxshi kompaniyada ishlaydi. Kelinim rus filologiyasini tugatgan, o‘qituvchi. O‘g‘limning asl kasbi farmatsevt. Aytganimdek, ishidan keyin kechqurun xizmatlarda yonimda skripka ham chalib turadi, deydi xonanda.
Safiya Saftarova Samarqandga kelib, yillar, yo‘llar oralig‘ida nimalarni his qildi?
Kelishim bilan ota-onam qabrini ziyorat qildim. Lekin bir oyog‘im u yoqda, farzandlarim, nabiralarim meni kutishyapti. “Vatan yagonadir” qo‘shig‘im bilan yana ona yurtimda chiqishlar qilyapman. Bu qo‘shig‘im samarqandliklarning madhiyasiga aylangan, deydi u.
“Onamni sog‘intirganim uchun o‘zimni kechira olmayman”
Onamni sog‘inib yashaganim, Samarqandni sog‘inganlarim ham bor. Musofirchilikda yashagan odam sifatida aytaman — odam ishini o‘z yurtida yo‘lga qo‘yishi kerak ekan. Ayniqsa, ota-onasi hayot bo‘lsa. Chunki ular bizning yo‘limizga ko‘z tikib yashaydi. Onamni sog‘intirganlarim uchun o‘zimni kechirolmayman, deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Safiya Saftarova.

