“Amerikadaligimda qizimni Uchqun Tillayev turmushga uzatdi”. Sohib Abbosxon muhojirlikdagi kechinmalari va kasbiga xiyonat qilgani haqida

“Amerikadaligimda qizimni Uchqun Tillayev turmushga uzatdi”. Sohib Abbosxon muhojirlikdagi kechinmalari va kasbiga xiyonat qilgani haqida
Bir necha yildan beri AQSHda yashab kelayotgan taniqli aktyor va rejissyor Sohib Abbosxon “Mening yurtim” telekanalining “Izlarim” loyihasiga intervyu berdi. Suhbat chog‘ida ijodkor Amerikada bo‘lgan paytida katta qizini qadrdon do‘sti, O‘zbekiston xalq artisti Uchqun Tillayev uzatganini, AQSHdagi hayoti hamda san’atdan uzoqlashib xato qilganini anglab yetgani haqida gapirib berdi.
“Amerikaga kelish — tug‘iliboq katta hayotga qadam qo‘yish bilan barobar”
— Amerikaga kelganingizdan keyin hayotingizni mutlaqo noldan boshlaysiz. Bu xuddi, bog‘chaga ham bormay, tug‘ilishingiz bilan katta hayotga tushib qolgandek gap. Bu yerda tanish-bilishingiz yo‘q. Ota-onangiz, do‘stlaringiz, farzandlaringiz yoningizda emas. Hamma yukni bir o‘zingiz yelkangizga olasiz. Bu esa kishini juda qattiq ezadi, yig‘latadi. Shunday og‘ir damlarda har kuni vatanimga qaytib ketgim kelardi. “Menga nima kamlik qilardi, o‘z yurtimda maza qilib filmlar suratga olib, kinolarda qahramonlarni gavdalantirib yursam bo‘lmasmidi?” deyman shunday paytlar.
Lekin shuni ham aytish kerakki, men AQSHga ketgan yillar o‘zbek kinosiga endigina e’tibor qaratila boshlagan davr edi. Taxminan 2017-yillarda soha eshiklari ochila boshlagandi. Oxirgi o‘n yillikda esa kinoda juda katta imkoniyatlar paydo bo‘ldi. Qizig‘i, men ketganimdan so‘ng sohada keskin ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Ba’zi rejissyor do‘stlarim “siz ketganingizdan keyin kino rivojlanib ketdi, yana 10-15 yil qaytmay tursangiz bo‘larkan”, deb hazillashib turishadi, deydi u.
“Pitssaxonada idishlarni yuvib, do‘stlarim oldiga ‘ministr’larday kiyinib borganman”
— Bu yerda ilk faoliyatimni mehmonxonadan boshlaganman. Keyin pitssaxonada ishlashga o‘tdim. O‘sha paytlarda u yerda ishlaydiganlar smena tugayotganda navbati bilan bir kuni pol artsa, boshqa kuni idishlarni yuvib ketishi shart edi. Oshxonada kameralar borligi uchun men bilan ishlaydigan yigitga “videolarga tushib qolganim tashqariga tarqalib ketmasin”, deb iltimos qilganman.
Bir kuni kechasi idish yuvayotgan edim. Biz yashayotgan shaharga bir guruh o‘zbekistonlik san’atkorlar kelishgan ekan. Menga to‘satdan videoqo‘ng‘iroq qilishdi. U paytda ustimda charm fartuk, qo‘limda rezina qo‘lqop, boshimda ishchi qalpoq bor edi. Pitssaxonada esa 200 tacha yuvilmagan idish yig‘ilib turardi. Qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilishgach, oxiri rad etish tugmasini bosib qo‘ydim. Keyin audioqo‘ng‘iroq qilib, ishlarimni tugatib, tezda yetib borishimni aytdim. Idish yuvaturib, do‘stlarim meni kutib o‘tirishgan bir paytda bu yerda ekanim uchun yig‘lab yubordim. Yarim soatlardan keyin ishimni tugatib, chiroyli kiyimlarda, mashinamga o‘tirib, do‘stlarim oldiga xuddi “ministr”day kirib bordim, deydi u.
“Uchqun Tillayevning mukofoti — mening ham yutug‘im”
Suhbat davomida aktyor qadrdon do‘sti Uchqun Tillayevning Xalq artisti unvoni bilan taqdirlanganidan xursand ekanini aytdi.
— Do‘stim Uchqunning mukofotlangani xuddi o‘zim taqdirlangandek meni quvontiradi. Biz talabalik yillarida bir kursda o‘qib, juda qalin bo‘lganmiz. Do‘stligimiz haligacha davom etib kelmoqda. Hattoki, o‘zim yetib kelolmaganimda, to‘ng‘ich qizimni Uchqun uzatgan, ya’ni to‘yni bosh-qosh bo‘lib o‘tkazib bergan. Men to‘yning moliyaviy xarajatlarini ko‘targan holda jarayonda onlayn qatnashganman. Lekin barcha tashkiliy yugur-yugurlarni do‘stim o‘z zimmasiga olgan.
Keyinchalik o‘zim O‘zbekistondaligimda yana bir qizimni uzatdim. O‘shanda ham ishlari juda ko‘p bo‘lishiga qaramay, yonimdan jilmadi. Kinodagi, vazirlikdagi, teatrdagi barcha yumushlaridan ortib, men bilan birga bo‘ldi.
“Kasbimga xiyonat qilib qo‘ydim shekilli...”
Aktyor bir necha yillardan buyon o‘z yurtidan, kasbi va ijodidan yiroqda bo‘lganidan afsusda ekanini ham yashirmadi.
— 16 yoshimda maktabni tamomlab, aktyor bo‘lish orzusida Namangan teatriga sahna ishchisi bo‘lib kirganman. Bir qarashda birdan omadim kelib qolganga o‘xshaydi-yu, lekin buning zamirida juda katta mehnat yotgan bo‘ladi. O‘sha kezlarda teatr sahnasini supirib, pollarini artardim. Sahna ortida qanday qora mehnat bo‘lsa, hammasini sidqidildan bajarardim.
Baxtli tasodif tufayli uch oydan so‘ng meni aktyorlik shtatiga o‘tkazishdi. O‘shanda teatrning katta spektakliga bosh rol ijrochisi kelmay qolgandi. Men esa sahna chetida kuzatib, barcha qahramonlarning so‘zlarini yodlab olgan edim. Meni o‘sha kelmagan aktyor o‘rniga sahnaga chiqarishdi. Ertasi kuni majlis o‘tkazilib, rasman aktyorlikka qabul qilishdi. Keyingi bir yil davomida shu yerda faoliyat yuritdim.
Mening taqdirim ham, omadim ham sahna va ijod bilan bog‘liq ekan. Men esa undan uzoqlashib ketibman. Menimcha, kasbimga xiyonat qilib qo‘ydim shekilli. Yoshligimizda ustozlarimiz “har bir kasbga sadoqat bilan yondashilsa, uning ortidan, albatta, baraka topiladi”, deyishardi. Ular aytganiday, men ham shu kasbdan baraka topdim. Lekin hayotim yanada barakaliroq bo‘lishi mumkinligini o‘ylab, ijoddan uzoqlashib noto‘g‘ri yo‘l tutganimni endi anglab yetdim, deydi Sohib Abbosxon.

