“Meni mashinasiga tiqib, olib ketishi mumkin edi”: Maryam Tillayeva notanish erkak hujumiga uchraganini aytdi

“Meni mashinasiga majburlab tiqib, olib ketishi mumkin edi”: Maryam Tillayeva notanish erkakning hujumiga uchraganini ma’lum qildi
O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning 27 yoshli nabirasi Maryam Tillayeva hozirda Arno Kosyan bilan nikoh to‘yiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Rossiyaning “Stavka na lyubov” (“Muhabbat garovi”) realiti-shousining ikkinchi mavsumi ishtirokchisi bo‘lgan Maryam, erkaklar bilan tanishishga qiziqmasligini, ammo ba’zi erkaklar unga shilqimlik qilishi haqida VOICE nashriga so‘zlab berdi.
“Yaqinda restoranga kechki ovqatga ketayotgan edim, oyog‘imda baland poshnali tufli bor edi. Ko‘chada tansoqchisiz ketayotganimda, bir kishi mashinasidan tushib, “Yaxshi qiz, siz bilan tanishmoqchiman”, dedi. Men esa “Siz bilan tanishmayman”, deb javob berdim. U mashinasini orqaga hayday boshladi. Men qanchalik uzoqlashsam, u ham shuncha orqaga yuraverdi. Keyin mashinasidan chiqib, “Yaxshi qiz, yaxshi qiz!” deya boshladi. Men: “Meni tushunmadingiz, shekilli. Tanishishni xohlamayman”, dedim. Shunda u qo‘limdan ushlab oldi”, deydi Tillayeva.
Maryam notanish kishiga baqirib, qo‘lini qo‘yib yuborishni talab qilgan.
“Juda qo‘rqib ketdim. O‘shanda butun vujudimni titroq bosdi. Restoranga yetib keldim-u, lekin o‘zimga kelolmay, ancha vaqt qaltirab o‘tirdim. Keyin nima bo‘lishini bilmasdim-da. Meni mashinasiga sudrab tiqib, qayergadir olib ketishi ham mumkin edi”, degan instabloger.
U dovdirab qolganini aytib, keyingi safar shunday vaziyat yuz bersa, albatta politsiyaga qo‘ng‘iroq qilishini ta’kidlagan.
“Men Amerikada katta bo‘lganman, u yerda ayol kishiga aytilgan oddiy maqtov ham shaxsiy chegaralarning buzilishi deb hisoblanishi mumkin. Bu yerda esa bir erkak mashinadan yugurib tushdi-da, ortimdan quvdi”.
Maryam shunga o‘xshash yana bir voqeani eslab o‘tgan.
“Qo‘shma Shtatlarda taksiga o‘tirib, yigitim bilan telefonda urishib ketayotgandim. Haydovchi meni tinchlantirmoqchi bo‘lib, qo‘lini tizzamga qo‘ydi. Men baqirib yubordim va meni yigitimning yoniga olib borib qo‘yishini talab qildim. Yigitimga bu voqeani aytib berganimda, haydovchi ustidan shikoyat qilishni maslahat berdi. Shunday qildim ham. Qo‘llab-quvvatlash xizmati bunga jiddiy yondashib, bir necha bor uzr so‘radi, sayohatlar uchun kredit taqdim etdi va haydovchini ishdan bo‘shatdi. O‘shanda 18 yoshlar atrofida edim”, deb ta’kidlagan Tillayeva.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bu vaziyat uni ayollar uchun shaxsiy chegaralar haqida gapirish qanchalik muhimligi to‘g‘risida o‘ylashga majbur qilgan.
“Menimcha, erkaklarga qanday xatti-harakat noo‘rin bo‘lishi va ayolni qo‘rqitishi mumkinligini yaxshiroq tushunishga yordam beradigan ma’rifiy dasturlar kerak. Qolaversa, qizlar ham bu haqda ochiq gapirishdan qo‘rqmasligi muhim”, deya xulosa qilgan Maryam.
Avvalroq Maryam Tillayeva Arno Kosyan bilan to‘yini kechiktirayotganini ma’lum qilgandi. U bunga o‘zaro kelishmovchiliklar sabab bo‘lganini tushuntirar ekan, yigiti bilan turmush qurish fikridan qaytmaganini — shunchaki marosimni tashkillashtirish uchun ularga ko‘proq vaqt kerak bo‘lganini ta’kidladi.
Shuningdek, instabloger Toshkentdagi to‘ylarda qo‘shiq kuylayotgani aks etgan videolar ham tarqalgandi.

