Layfstayl

“Sarvar aka bilan besh yildan buyon birga emasmiz” — Tatyana Zayseva shaxsiy hayoti haqidagi savollarga javob berdi

Tatyana Zayseva shaxsiy hayoti haqidagi savollarga javob berar ekan, Sarvar aka bilan besh yildan buyon birga emasligini ma’lum qildi.

Xonanda Tatyana Zayseva “O‘zimizning gap” ko‘rsatuviga bergan intervyusida “Sharq” guruhini butunlay tark etib, yakkaxon ijod boshlagani, turmush o‘rtog‘i bilan besh yildan buyon birga emasligi hamda tadbirkorlik faoliyatini yakunlagani haqida so‘zlab berdi.

**“Yakkaxon xonanda sifatida san’atga kirib kelganman”**

— “Sharq” guruhi tuzilishidan avval yakkaxon ijod qilganman, “O‘zbegim yoshlari” ansamblida Tatyana Zayseva nomi bilan tanilganman. O‘shanda ko‘p chet el safarlariga, festival va tanlovlarga borardik. Keyinchalik “Sharq” guruhi hayotimning katta bir qismini egalladi. Duetni tark etganimdan so‘ng ham biroz vaqt guruhga qaytib, duetdoshim va sobiq turmush o‘rtog‘im bilan birga xizmatlarni o‘tkazib yurdik. Biroq hozirgi kunda yana yakkaxon xonandaman va har xil uslublarda qo‘shiq kuylayapman. Ham milliy, ham estrada yo‘nalishida kuylash menga yoqadi. Avval “Sharq” guruhida Sarvar aka bilan ijro etgan qo‘shiqlarimizni ham kuylashga haqqim bor, bu haqda ulardan so‘raganman va ular ham yo‘q demagan. Ba’zida Sarvar aka ham shunday reja bilan mendan so‘rashi mumkin, albatta, hammasi kelishilgan holda, suhbat asosida bo‘ladi. Hozirgi kunda yolg‘iz emasman, kichkina bo‘lsa-da, o‘zimning jamoam bor. Jamoada iste’dodli bastakor Ixtiyor Rajabov ma’muriy masalalarga mas’ul bo‘lib kelyapti.

**“Sarvar aka bilan alohida yo‘llardan ketishga qaror qildik”**

— Ijodiy tanaffusdan so‘ng guruhga qaytib, birga xizmatlarni o‘tkazib yurganimizda ham keyinchalik menga baribir nimadir yetishmayotganini tushunganman. Sarvar aka bilan biz uchun nima yetishmayotganini ko‘p izlab topolmaganmiz. Nimagadir ko‘nikolmayotganimiz bizni qiynardi. Biz bir oila va bir jamoa edik, lekin bir kuni alohida bo‘lish qaroriga keldik. Albatta, mening xohishimga ko‘ra shunday fikrga keldik. Bilmayman, nimaning ta’sirida bo‘lsa ham bir necha yil avval o‘zimni yo‘qotishni boshlagan edim. Ikki aqlli, yoshi katta insonlarning o‘zidan-o‘zi alohida bo‘lib qolishi hazil gap emas. Biroq eng asosiysi — hozirgi kunda hamma baxtli, deydi xonanda.

**“Turmush o‘rtog‘im bilan ajralganimizga besh yil bo‘lgan”**

— Odatda munosabatlarda sinovli va yoqimli sevgi bo‘ladi. Biz Sarvar aka bilan juda ko‘p sinovlardan o‘tdik. Buni biror marta ommaga ko‘rsatmadik, faqat o‘zimiz bilamiz. Mana shunday qiyinchiliklarda ham bir-birimizga bo‘lgan sevgi va hurmatimiz yo‘qolmagan edi. Biroq keyin hammasi o‘zgardi.

Hozirgi kunda katta farzandim to‘qqiz, kichigi esa besh yoshda. Turmush o‘rtog‘im bilan hali rasman ajrashmagan bo‘lsak-da, besh yildan buyon birga emasmiz. Bir-birimizga ustoz bo‘ldik va katta darsdan o‘tdik. Agar hayotim boshqatdan berilganida, yana mana shu yashab o‘tgan yo‘limdan o‘tmasam bo‘lmasligini tushundim. Chunki bu Alloh tomonidan turli voqealarga to‘la holda yuborilgan hayotning aqlli ssenariysi ekan. Busiz ikkimiz ham bugungi Tatyana, bugungi Sarvar bo‘lolmasdik. Buning uchun hayotimdan juda ham minnatdorman, deydi u.

**“Kuchli ayollar ko‘proq qiynaladi”**

— Kuchli ayollar aslida ko‘proq qiynalishar ekan, chunki bunday ayollar o‘ziga ko‘p mas’uliyatni oladi. Men ham odatda atrofdagilarga yuragimni ochmaslikka harakat qilaman. Ammo ayolning bir o‘zi bu yukni ko‘tarishi qiyin ekan, baribir atrofdan yordam, sizni tushunadigan insonlar ko‘magi kerak bo‘lar ekan. Biroq sizning ichki kechinmalaringizni hech kim sizchalik anglab, his qilolmas ekan. Shuning uchun hozirgi kunda biroz yopiq insonga aylanganman.

Bir qancha vaqt ilgari odamlar orasida bo‘lsam-da, ko‘p marta o‘zimni yolg‘iz his qildim. Faqat Yaratgangina meni tushundi, xolos. Albatta yaqinlarim ham yordam berishdi, lekin baribir men kutganchalik tushunishmadi. Hamma maslahat beradi, kimdir vaziyatni umuman tushunmay turib muhokama qilar ekan. Mana shundaylar meni hayron qoldirdi, biroq e’tibor bermaslikka harakat qildim. Chunki hayotning o‘zi shunday ekan, deydi Tatyana Zayseva.

**“Bir vaqtda ijod va tadbirkorlikni teng ushlolmadim”**

Xonanda avvalgi intervyularidan birida ma’lum muddat dizaynerlik sohasida faoliyat yuritib, o‘z salonini ochgani hamda to‘y va oqshom liboslari saloniga asos solgani haqida aytib o‘tgan edi. Keyinchalik u barcha tadbirkorlik ishlarini tugatishga majbur bo‘lganini aytdi.

— Bizneslarimning hammasini yopdim, chunki vaziyat shuni taqozo qildi. Qolaversa, mablag‘ taraflama bir vaqtda ikki yo‘nalishni — ham san'atni, ham tadbirkorlikni teng ushlash biroz qiyin bo‘ldi. Shuning uchun hozircha hamma qo‘shimcha bizneslarimni yopganman, lekin kelajakda ularni qayta yurgizish niyatim ham yo‘q emas.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.