“Turmush o‘rtog‘im bilan sakkiz oylab ko‘rishmaymiz”. Nargiza Salmonova oilaviy hayoti hamda turk qaynonasidan xafa bo‘lgani haqida so‘zlab berdi

“Turmush o‘rtog‘im bilan sakkiz oylab ko‘rishmaymiz”. Nargiza Salmonova oilaviy hayoti va turk qaynonasidan ranjigani haqida gapirib berdi
Aktrisa Nargiza Salmonova “Navo” telekanalining “Mening oshxonam” ko‘rsatuvida mehmon bo‘lib, aktrisalik faoliyati, farzandi oldida zaif ko‘rinmaslikka intilishi hamda Turkiyadagi hayoti haqida so‘z yuritdi.
“Qolipga tushib qolgan aktrisa bo‘lishni istamayman”
— Aktrisa sifatida bir qolipga tushib qolishni istamayman. Nargiza, deyishganda sokin, hayotdan siqilgan, faqat dramatik rollarni ijro etadigan aktrisa tasavvur qilinishini xohlamayman. Salbiy, ijobiy yoki yumshoq bo‘lsin, hammasida o‘zimni sinab ko‘rishni istayman. Shu sabab imkon qadar bir xillikka tushib qolish haqidagi qo‘rquvlarimni yengishga harakat qilaman. Uddalay olmaysan, deyishsa, imkon so‘rab, yana bir bor buni eplay olishimni ularga isbotlayman, deydi aktrisa.
“Qaynonamdan xafa bo‘lganman”
— Dastlab Turkiyaga borganimda qaynonam menga oshxonani bermasdi. Bir yil davomida ovqat tayyorlashga ruxsat berishini so‘rab yurdim. Rostini aytsam, bu holatdan biroz xafa ham bo‘lganman. Qaynonam uyda bo‘lmagan paytlari kelgunicha idishlarni tezda yuvib qo‘yardim. Mehmonga ketadigan bo‘lsa, shoshilinch ovqatlar pishirib qo‘yardim. Sababi, bu ishlarni qila olishimni ko‘rsatmoqchi edim. Shunga qaramay, meni umuman oshxonaga yaqinlashtirmasdi. Qaynonam menga “qizim, siz avval o‘zingiz ustingizda ishlang, Turkiyaga moslashing. Bizning odatlarimizni yaxshilab o‘rganing, ovqat qilish qochib ketmaydi. Hozircha quvvatim bor. Vaqti kelib quvvatdan qolsam, tayyorlab berarsiz”, degan. Ammo baribir bundan ranjiganman. Menga ishonmayotgandek tuyulib, qo‘limdan kelishini chiroyli tarzda isbotlab berganimdan keyin shukrki, hozir mehmonlar kelsa, bemalol oshxonani menga topshiradigan bo‘lishgan, deydi aktrisa.
Nargiza Salmonova ko‘rsatuv davomida hozir Turkiyada yashashini va O‘zbekistonga bir yilda bir marta kelish imkoniga ega ekanini ham aytib o‘tdi.
— Xudoga behisob shukr, Toshkentga har yili kelaman. Turmush o‘rtog‘imning kasbi sabab ba’zan olti—sakkiz oyga boshqa shaharlarga ketishiga to‘g‘ri keladi. Hammaga ma’lum, Turkiyada tabiiy ofatlar bo‘lib turadi. Shu bois turmush o‘rtog‘im meni xavfsiz bo‘lishim uchun Toshkentda — onamning yonida bo‘lishimni aytadi. Uzoq sog‘ingan ijodim bilan shug‘ullanishimga, ya’ni chegarani buzmagan holda filmlarda rol ijro etishimga ham ruxsat beradi. Ishlari tugashiga yaqin o‘zi ham Toshkentga keladi. Birga chiroyli shaharlarimizga sayohat qilgach, uyimizga qaytib ketamiz.
“Uch yoshli qizimning oldida zaif ko‘rinishni xohlamayman”
— Kayfiyatim tushkun bo‘lsa, darrov o‘zim bilan savol-javob qilaman. Nima sababdan bunday bo‘layotganini tahlil qilib, tezroq yechim topishga harakat qilaman. Chunki qizim juda ziyrak. Bir nuqtaga uch soniyadan ko‘proq qarab qolsam, uch yoshli qizim “oyi, iltimos, bunday turmang”, deydi. Kichkina bolaning fikrlashi shunday, ko‘z tegmasin. Shu sabab farzandim oldida zaif ko‘rinishni istamayman. Aksincha, doim quvnoq, kuchli va harakatchan ona obrazidaman, deydi u.
Aktrisa mashhurlik uning erkinligini olib qo‘yganini hayotidagi bir voqea orqali tushuntirib berdi.
— Mashhurlik erkimni olib qo‘ydi. Masalan, ko‘chaga chiqishdan oldin pardoz qilishni yoqtirmayman. O‘zimga qulay ko‘rinishda ko‘chaga chiqsam, meni taniganlar “siz hayotda juda ham oddiy, sodda ekansiz-ku. Sizni boshqacha tasavvur qilardik”, deyishadi. Shunday paytlarda o‘zimni noqulay his qilaman.
Yaqinda ham qizimning isitmasi chiqqanda shunday voqea bo‘ldi. Uni isitmasi bo‘lgani uchun kasalxonaga olib bordim. Bir ayol menga qarab, “hayotda juda ham oddiy ekansiz”, dedi. Shunda unga “siz kasalxonaga pardoz qilib, poshnali tuflida, chiroyli kostyum-shim va sumkada kelasizmi, farzandingizning tobi yo‘q payt ko‘zingizga surma surish yuragingizga sig‘adimi? Bunday holatda qaysi vijdon bilan oynaga qarab sochimni tarayman? Hozir farzandimning sog‘lig‘idan boshqa hech qanday fikr qiziqtirmaydi meni, opa”, dedim.
Tan olishim kerak, mashhurlik ko‘plab insonlarning mehrini va e’tiborini ham berdi. Masalan, mumkin bo‘lmagan joylarda qoidani buzganimizda, ular bilan rasmga tushganimdan keyin “mayli, boshqa takrorlanmasin, sizni hurmat qilamiz”, deb posbonlarimiz juda chiroyli muomalada bo‘lishadi. Go‘zallik salonidagilar ham sochimni kesib, chiroyli qilib qo‘yishganda pulini olishmaydi. Buning o‘rniga ular bilan bir marta suratga tushib berishimni so‘rashadi. Shunday paytlarda qadrli bo‘lganim uchun juda xursand bo‘laman, deydi Nargiza Salmonova.

