Turkiyada erkak sun’iy intellektda Erdo‘g‘on suratini yasagani uchun hibsga olindi

Turkiyada erkak sun’iy intellektda Erdo‘g‘on suratini yasagani uchun hibsga olindi
Turkiya poytaxti Anqarada 53 yoshli Mehmet Chakmak sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan suratlar tufayli qo‘lga olindi. U o‘z suratini mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on hamda adliya vaziri Akin Gurlek suratlari yoniga qo‘yib, ularni WhatsApp profilida ulashgan.
Amaldorlar bilan aloqasi bor degan taassurot uyg‘otmoqchi bo‘lgan
Anqara Bosh prokuraturasi olib borayotgan surishtiruvlarga ko‘ra, gumondor bu harakati orqali o‘zini yuqori lavozimli amaldorlar bilan yaqin aloqador va ta’sirga ega shaxs sifatida ko‘rsatishga uringanlikda gumon qilinmoqda.
Erkak Anqaraning Kechioren tumanidagi uyida qo‘lga olindi. Ma’lum bo‘lishicha, Mehmet Chakmak avvalroq to‘rtta alohida jinoyat bo‘yicha sudlangan.
Anqara Bosh prokuraturasi bergan rasmiy bayonotda shunday deyiladi:
“Gumondor Mehmet Chakmak sun’iy intellekt yordamida yaratilgan deb taxmin qilingan prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on hamda adliya vaziri Akin Gurlek bilan tushgan suratlarini o‘z rasmi bilan birga WhatsApp statusida e’lon qilgani aniqlandi”.
Hozirda unga nisbatan ta’sir o‘tkazishga urinish hamda aholi orasida vahima yoki sarosimaga sabab bo‘ladigan yolg‘on ma’lumotlarni tarqatish moddalari bo‘yicha tergov olib borilmoqda.

