AQSH harbiylari sun’iy intellekt xatosi sabab Xitoy kemasiga hujum qilishiga oz qoldi — CNN

AQSH harbiylari sun’iy intellektdagi xato tufayli Xitoy kemasiga hujum qilish arafasida qolgan — CNN
CNN manbalarga tayanib xabar berishicha, AQSH harbiylari shu yil bahorida sun’iy intellektdagi xato sabab Xitoy kemasini ushlab qolish bo‘yicha operatsiya boshlashiga bir qadam qolgan.
Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, AQSH harbiy razvedkasi tahlilchisi Xitoy kemasining yuk manifestiga doir ma’lumotlarni chatbot yordamida tahlil qilgan. Sun’iy intellekt ochiq manbalardagi axborotni maxfiy razvedka ma’lumotlari bilan birlashtirib, kema Eronning yadroviy qurol dasturiga aloqador qismlarni olib ketayotgani haqida noto‘g‘ri xulosa chiqargan.
Hisobot olingach, AQSH harbiylari darhol harakat rejasini ishlab chiqishga kirishgan. Kemaga chiqish uchun harbiy xizmatchilar tayyorlangan, shuningdek, harbiy samolyotlar havoga ko‘tarilgan.
Ammo operatsiya boshlanishiga oz vaqt qolganida amaldorlar hisobotni batafsil tekshirishga qaror qilgan. Shunda hujjat sun’iy intellekt yordamida tayyorlangani va chatbot tashilayotgan yukni noto‘g‘ri aniqlagani ma’lum bo‘lgan.
CNN manbalaridan biri hisobotni “butunlay yolg‘on va deyarli urush boshlanishiga sabab bo‘ladigan” hujjat deb ta’riflagan. Telekanal qayd etishicha, AQSHning Xitoy kemasiga qarshi har qanday harbiy operatsiyasi ikki davlat o‘rtasida qurolli to‘qnashuvga olib kelishi mumkin edi.
CNN ma’lumotiga ko‘ra, AQSH rasmiylari harbiy va razvedka tizimlarining deyarli barcha yo‘nalishlarida, jumladan, “xom ma’lumotlar”ni qayta ishlash va zarba beriladigan nishonlarni aniqlashda sun’iy intellektdan foydalanishni kengaytirishga intilmoqda.
Mazkur holatda harbiy tahlilchi avval chatbotga kema manifestiga oid razvedka ma’lumotlarini tahlil qildirgan. So‘ng yana sun’iy intellektdan foydalanib hisobot tayyorlagan va uni yuqori rahbariyatga taqdim etgan.
AQSH Mudofaa vazirligi so‘nggi yillarda harbiy sohada sun’iy intellektdan foydalanishni faol kengaytirmoqda. O‘tgan yili Pentagon Ilon Maskning xAI kompaniyasi bilan sun’iy intellektni vazirlik faoliyatiga joriy etishni tezlashtirish bo‘yicha 200 million dollarlik shartnoma tuzgan.
Shuningdek, AQSH Mudofaa vazirligi OpenAI va Anthropic kompaniyalari bilan ham shartnomalar imzolagan.
Avvalroq The Wall Street Journal Donald Tramp ma’muriyati Eron hududiga yirik havo zarbasini rejalashtirishda Anthropic kompaniyasining sun’iy intellekt texnologiyasidan foydalangani haqida yozgan edi.
Keyinchalik Pentagon va Anthropic o‘rtasida mojaro yuzaga kelgan. Kompaniya rahbari Dario Amodei sun’iy intellekt texnologiyasidan inson nazoratisiz kuzatuv yoki avtonom qurollar uchun foydalanilmasligi bo‘yicha kafolat talab qilgan.
Avgust oyining oxirida Pentagonning tadqiqot va ishlanmalar bo‘yicha rahbari, bosh texnologiya direktori Emil Maykl Mudofaa vazirligi tizimlarida Anthropic sun’iy intellektidan foydalanishni sentyabr oxirigacha to‘liq to‘xtatishni rejalashtirayotganini bildirgan.

