Dunyo

Qashqadaryoda 14 yoshli o‘g‘lini 45 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan er-xotin 3 yilga qamaldi

Qashqadaryoda 14 yoshli o‘g‘lini 45 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan er-xotin 3 yilga qamaldi

Qashqadaryo viloyatida o‘zining voyaga yetmagan farzandini 45 ming dollarga sotishga uringan er-xotin 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Ma’lum bo‘lishicha, 1988-yilda tug‘ilgan T.E.ning avvalgi turmushidan 2011-yilda tug‘ilgan o‘g‘il farzandi bor edi. U keyinchalik 2019-yilda M.E. bilan turmush qurgan va yana bir farzandli bo‘lgan.

Sud majlisida oila bunga majburiyat sabab qo‘l urganini bildirgan.

“Pul topishning har qanday yo‘lini izladik. Oxiri er-xotin maslahatlashib katta o‘g‘limizni sotib, qarzlardan qutulishga kelishdik. Keyin bu haqda tanishimga aytdim”, deydi T.E. o‘z ko‘rsatmasida.

Shundan so‘ng sudlanuvchining tanishi orqali Surxondaryo viloyati Angor tumanida bolani olishga rozi bo‘lgan xaridor topilgan.

2025-yil 8-avgust kuni er-xotin farzandlari bilan Angor tumaniga borgan. Tomonlar 14 yoshli bola uchun avval 30 ming dollar, 15 kun o‘tgach esa yana 200 mln so‘m berishga kelishgan. Xaridor pulni o‘sha yerning o‘zida topshirgan. M.E. pulni sanaganida biroz kam chiqqan. Ayol kam chiqqan pulning o‘sha qismini turmush o‘rtog‘i yuborishini aytgan.

Shu payt xonaga 5-6 nafar ichki ishlar organlari xodimlari kirib kelgan. Angor tuman ichki ishlar bo‘limi tezkor guruhi o‘tkazgan tezkor tadbir davomida M.E. va T.E. o‘zlarining voyaga yetmagan farzandi uchun kimyoviy ishlov berilgan pullarni olgan vaqtida ushlangan.

Sudda M.E. aybiga iqror bo‘lib, farzandini sotish fikri turmush o‘rtog‘idan chiqqanini, bu qarorga esa oilaviy qiyinchilik va qarzlar sabab bo‘lganini aytgan. T.E. ham erining fikrlarini tasdiqlagan.

Sudda so‘roq qilingan 14 yoshli farzand esa onasi va o‘gay otasi uni boshqa oilaga sotmoqchi ekanini oldindan aytgani va o‘zi bunga rozi bo‘lganini bildirgan. Bola ota-onasi qiynalgani uchun bunday ishga qo‘l urganini aytib, ularga nisbatan da’vosi yo‘qligini va suddan yengillik berishni so‘ragan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tuman sudi ota-onani Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “b” bandi (odam savdosi) bilan aybdor deb topgan. Ularga Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanib, har biriga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.