“Uy va mashina olmoqchi edik”. Fargʻonada bir yoshdan oshgan oʻgʻlini sotmoqchi boʻlgan er-xotin qamaldi

“Uy va mashina olmoqchi edik”. Fargʻonada bir yoshdan oshgan oʻgʻlini sotmoqchi bo‘lgan er-xotin qamaldi
Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida 1,5 yoshli o‘g‘lini 35 ming AQSh dollariga sotishga uringan ota-onaga nisbatan sud hukmi chiqarildi.
Ma’lum bo‘lishicha, er-xotin 2012-yilda turmush qurgan bo‘lib, ularning uch nafar voyaga yetmagan farzandi bor. Sotishga urinilgan kenja o‘g‘il 2024-yilda tug‘ilgan. Erkak 2017-yilda ishlash uchun Rossiyaga ketgan, 2022-yilda qaytib kelib, Toshkent viloyatida ustachilik bilan shug‘ullangan, ammo oilasiga yetarli pul yubora olmagan.
2025-yilda ayol ro‘zg‘or uchun kredit olishda yordam so‘rab mahalla raisiga murojaat qilgan. Ayolning suddagi ko‘rsatmasiga ko‘ra, rais unga kenja farzandini bolasi yo‘q oilaga berishni, buning evaziga esa uy ta’miri va avtomobil bilan ta’minlanishini aytgan. Rais esa sudda bu gaplarni rad etib, ayolni bunday fikrdan qaytarganini bildirgan.
2026-yil aprel oyi boshida erkak Toshkentdan qarz bo‘lib uyiga qaytgan. Shu kunlarda ayolga notanish shaxs qo‘ng‘iroq qilib, 10 yildan buyon farzand ko‘rmayotgan oilaga 1,5 yoshli o‘g‘lini berishni so‘ragan. Erkak avval bolani farzand ko‘rmagan ukasiga berishni taklif qilgan, keyin esa qarzlari sabab uni pul evaziga sotishga rozi bo‘lgan.
Suhbatlar davomida er-xotin bolani 35 ming dollarga berishga kelishib, uni tilxat asosida topshirishini aytgan. Shundan so‘ng suhbatlarni yozib olgan xaridor 11-aprel kuni huquqni muhofaza qiluvchi organga murojaat qilgan.
O‘sha kuni shartli xaridor va er-xotin bola bilan tumandagi mahalla binosiga borgan. Ayol tilxat yozayotgan, eri esa 35 ming dollarni olayotgan paytda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ular ushlangan.
Tadbir yakunida ayol 35 ming dollarni qanday sarflash bo‘yicha ham kelishib olganini aytgan.
“Ushbu pulning 25 ming dollariga ko‘p qavatli uylardan uy sotib olib yashashga, 10 ming dollariga esa turmush o‘rtog‘im avtomobil sotib olishiga kelishgandik. Sharoitimiz og‘ir bo‘lgani uchun farzandimizni sotishdan boshqa chora topmadik”, degan bolaning onasi.
Mazkur holat sud tomonidan ish bo‘yicha to‘plangan dalillardan biri sifatida baholangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha So‘x tuman sudi hukmiga ko‘ra, erkak Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “b” bandi (odam savdosi) bilan aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llangan holda 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Ayolga ham shu modda asosida 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Er-xotin jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilangan. Ularning uch nafar voyaga yetmagan farzandi qarindoshi qaramog‘iga topshirilgan.

