Mahalliy

Samarqandda xotinini pichoqlab o‘ldirgan erkak 17 yilga qamaldi

Samarqandda xotinini pichoqlab o‘ldirgan erkakka 17 yil qamoq jazosi berildi

Samarqand shahrida nonushta vaqtida xotini bilan tortishib, uni pichoqlab o‘ldirgan 49 yoshli erkakka hukm chiqarildi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, 1998-yilda nikohdan o‘tgan er-xotinning bir nafar farzandi bo‘lgan. Ular turmush qurganidan ko‘p o‘tmay ayol ishga chiqqan. Erkak esa uni doimiy ravishda xiyonatda gumon qila boshlagan. Xotinning ishga borib-kelishi, bozorga yoki ota-onasinikiga qatnashi, shuningdek, yana farzand ko‘rishni istamagani oilaviy kelishmovchiliklarga sabab bo‘lib kelgan.

“Toʻyimizdan koʻp oʻtmay xotinim mening ruxsatimsiz ishga chiqib ketdi. Shundan so‘ng uning feʼl-atvori o‘zgardi, uni xiyonatda gumon qila boshladim. Lekin biror marta aniq bir kishi bilan ushlamadim”, dedi sudlanuvchi.

Erkakning aytishicha, bu rashk va nizolar yillar davomida davom etgan. Hatto 2023-yil noyabrida er-xotin AQSHga borib yashay boshlagan paytda ham janjallar to‘xtamagan.

2026-yil 7-yanvar kuni ular Samarqandga qaytib, bir uyda, ammo alohida xonalarda yashay boshlagan. Uzoq yillar davomida xotinini xiyonatda gumon qilib kelgan erkak birga yashashni istamasligini aytib, ajrashishni taklif qilgan. Biroq ayol bunga rozi bo‘lmagan.

Fojia 14-fevral kuni yuz bergan. Soat 10:00 larda uyg‘onib, nonushta tayyorlagan erkak spirtli ichimlik ichib, xotinini uyg‘otgan va ular dasturxonga o‘tirgan.

Sudlanuvchining ko‘rsatishicha, nonushta paytida xotini undan nega o‘qrayib o‘tirganini so‘ragan. Shundan keyin erkakning jahli chiqib, stol ustidagi pichoqni olib, ayolning o‘ng biqiniga urgan. Ikkinchi zarbani berishga urinayotganida pichoqning uchi bukilib qolgan. So‘ng u dahlizga o‘tib, isitish pechi ustida turgan boshqa pichoqni olib kelgan.

Oshxonadan qochib chiqayotgan ayol ostonaga qoqilib yiqilgach, erkak uning orqa qismiga bir necha bor pichoq bilan zarba bergan. Keyin pichoqni tashlab, qo‘shni hovlidagi akasinikiga chiqqan va qarindoshlariga xotinini o‘ldirganini aytgan. Voqea joyiga profilaktika inspektori va yaqinlari yetib kelgan.

Marhumaning ukasi sudda opasi va pochchasi o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashganidan to‘liq xabardor emasligini, opasi hech qachon shikoyat qilmaganini, faqat jiyanidan AQSHda janjallashganlarini eshitganini aytgan.

Sud-tibbiy ekspertiza ayolning o‘limiga o‘tkir qon ketishi sabab bo‘lganini aniqlagan. Psixiatriya ekspertizasi esa erkak jinoyat paytida o‘z harakatlarini to‘liq anglaganini ko‘rsatgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Narpay tuman sudi hukmi bilan erkak Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “j” bandi bilan (qasddan odam o‘ldirish) aybdor deb topilgan. Unga 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.