Mahalliy

“Uy sotib olmoqchi edim”. Samarqandda 2 yoshli bolasini sotishga uringan ayol 4 yilga qamaldi

“Uy sotib olmoqchi edim”. Samarqandda 2 yoshli bolasini sotishga uringan ayol 4 yilga qamaldi

Samarqand viloyatida 2 yoshli qizini 5 ming dollarga sotishga uringan ayol 4 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda “Daryo” sud hujjatlari bilan tanishib ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, 1999-yilda tug‘ilgan M.SH. 2019-yilda Bulung‘ur tumanida yashovchi yigit bilan tanishib, yaqin munosabatda bo‘lgan. To‘rt yillik munosabatlardan so‘ng, 2023-yilning dekabr oyida ularning qiz farzandi dunyoga kelgan. Bu orada erkak xorijga ketib, ayol bilan aloqalarini uzgan. Taqdirga tan bergan M.SH. bolani yolg‘iz ona sifatida tarbiyalab kelgan.

2026-yilning 5-mart kuni B. ismli tanishi M.SH.ning oldiga kelib, suhbat davomida bir necha yillardan buyon farzandga mushtoq opasi borligini aytib, qizini ularga berishni so‘ragan. Agar taklifga rozi bo‘lsa, evaziga pul berishlarini bildirgan.

“Ijarama-ijara yurib, sarson bo‘lishdan charchagandim. Ayni o‘sha paytda uy sotib olishni rejalab yurgandim. Biroq buning uchun pul kerak edi. B.ning kutilmagan taklifini eshitib, maqsadimga erishish uchun imkoniyat paydo bo‘lganidan quvonib, rozi bo‘ldim. Ular qizim uchun 5 ming dollar berishadigan bo‘lishdi. Shundan 3 ming dollarini ertasi kuniyoq, qolgan 2 ming dollarini esa bolani ularning nomiga rasmiylashtirilgandan keyin oladigan bo‘ldim”, dedi M.SH. o‘z ko‘rsatmasida.

Kelishuvdan bir kun o‘tib, 6-mart kuni Samarqand shahridagi Registon maydoni yaqinidagi avtoturargohda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda M.SH. 3 ming dollarni olib, voyaga yetmagan qizini shartli xaridorga topshirayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tergov jarayonida aniqlanishicha, M.SH. muqaddam 2024-yilda Jinoyat kodeksining 131-moddasi bo‘yicha aybdor deb topilib, 1 yil 11 oy 11 kun ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan. 2024–2026-yillar davomida sud tomonidan jazoni o‘tashda unga bir qator yengilliklar berilgan bo‘lsa-da, u bundan tegishli xulosa chiqarmagan va yana jinoyat sodir etgan.

M.SH. aybiga qisman iqror bo‘lib, qilgan ishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini bildirgan va suddan yengillik berishni so‘ragan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tuman sudi hukmi bilan M.SH. Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 3-qismi “b” bandi bilan aybdor deb topilgan. Unga nisbatan JKning 57-moddasi qo‘llanilib, 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Shuningdek, avvalgi hukm bo‘yicha o‘talmagan jazoning bir qismi yangi jazoga qo‘shilib, uzil-kesil o‘tash uchun 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Avvalroq Surxondaryo viloyatida moddiy qiyinchilik sabab 11 yoshli o‘g‘lini 40 mln so‘mga sotishga uringan ayol 3 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilingani xabar qilingandi. Termiz tumanida esa to‘rt kunlik chaqalog‘ini 1500 dollarga sotmoqchi bo‘lgan ayol 6 yilga qamalgandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.