Trampning maxsus vakili yana Zelenskiy va Putin bilan uchrashmoqchi
AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff yaqin kunlarda Volodimir Zelenskiy va Vladimir Putin bilan alohida uchrashuvlar oʻtkazishni rejalashtirmoqda. Reuters manbalariga koʻra, u avval Norvegiyadagi muzokaralarda qatnashib, keyin Rossiyaga borishi mumkin. Hozircha bu rejalar dastlabki bosqichda.

Trampning maxsus vakili yana Zelenskiy va Putin bilan uchrashishni rejalashtirmoqda. Reuters agentligi 20-oktabrga oʻtar kechasi ismi oshkor etilmagan manbalarga tayanib xabar berishicha, Oslodagi muzokaralar 19–25-oktabr haftasida boʻlib oʻtishi kutilmoqda.
Uchrashuvda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Stiv Uitkoffdan tashqari Norvegiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Polsha, Yevropa Ittifoqi hamda NATO vakillari qatnashishi moʻljallanmoqda.
Shundan keyin Uitkoff Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Rossiyaga borishni istamoqda. Manbalarga koʻra, muzokaralarda Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bilan bir qatorda, Rossiya qamogʻidagi 73 yoshli amerikalik Stiven Habbardni ozod qilish masalasi ham muhokama qilinishi mumkin. Habbard yollanma jangchilik va Ukraina Qurolli kuchlari safida xizmat qilishda ayblanib, Rossiyada sudlangan.
Odatda Uitkoffga muzokaralarda hamrohlik qiladigan AQSH prezidentining kuyovi Jared Kushner bu safar shaxsan qatnashmasligi mumkin. Reuters suhbatdoshlaridan birining aytishicha, Kushner betob boʻlib, uchrashuvlarga onlayn ulanib qolishi ehtimoli bor.
Agentlik manbalari safar va uchrashuvlar rejasi hali yakuniy emasligini qayd etgan. AQSH rasmiylari bu maʼlumotlarga hozircha izoh bermagan.
Zelenskiy 19-oktabr kuni Ukraina va AQSH muzokarachilari yaqin kunlarda Norvegiyada uchrashishi mumkinligini aytgan, biroq oʻzining ishtirokini bildirmagan. U 18-oktabrda Uitkoff va Kushner bilan telefon orqali gaplashgan edi.

