Dunyo

Tramp va Zelenskiy Nyu Yorkda uchrashdi. Ukraina prezidenti energetika sulhiga tayyor

Tramp va Zelenskiy Nyu-Yorkda uchrashdi. Ukraina prezidenti energetika sulhiga tayyor

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va AQSH prezidenti Donald Tramp 22-sentyabr kuni Nyu-Yorkda muzokara o‘tkazdi.

Uchrashuvdan oldin ikki prezident jurnalistlar savollariga javob berdi. Ular Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi energetika sulhi, AQSHning Rossiyaga qarshi “jahannam sanksiyalari”, shuningdek, urushni yakunlash uchun ehtimoliy uch tomonlama muzokaralar haqida so‘z yuritdi. Zelenskiy Rossiya bilan urushni qishgacha to‘xtatish mumkinligini aytdi.

“Umid qilamanki, biz bu urushni tugatamiz va prezident Tramp bizga bu borada yordam beradi. Menimcha, buni imkon qadar tezroq qishgacha amalga oshirish zarur”, dedi Ukraina rahbari.

Uchrashuv translyatsiyasi Ukraina prezidenti idorasining YouTube kanalida e’lon qilindi. Tramp esa o‘z navbatida Moskva va Kiyev kelishuvga erishishini ta’kidladi.

“Bu qanday kelishuv ekanini aytmoqchi emasman. Biz bu haqda ko‘p gaplashamiz, jumladan, (Rossiya prezidenti Vladimir) Putin bilan ham”, dedi Amerika yetakchisi.

Jurnalistlar Trampdan Rossiya rahbari dekabr oyida Mayamida bo‘lib o‘tadigan G20 sammiti doirasida u va Zelenskiy bilan uchrashish haqidagi taklifni qabul qiladimi, deb so‘radi.

“Bilmayman. U uchrashishini bilaman, biz Alyaskada allaqachon uchrashganmiz. Menimcha, u yana bir uchrashuv o‘tkazishga rozi bo‘lardi. Ammo Mayami masalasida ishonchim komil emas”, dedi Tramp.

U mojaroning tugashini Putin ham, Zelenskiy ham xohlayotganini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, Tramp ushbu uchrashuvdan oldin Ukrainani Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga bergan zarbalari uchun tanqid qilgan. U bu hujumlar dunyoda dizel yonilg‘isi narxining oshishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatganini aytgan.

Zelenskiy uchrashuvda Rossiya bilan energetika sohasida sulh tuzishga tayyorligini, biroq bunga ikkala tomon ham amal qilishi kerakligini aytdi. Tramp ham energetik sulhni bir tomonlama joriy etishni so‘ramaganini bildirdi. AQSH prezidenti avvalroq Zelenskiydan Rossiyadagi neft obyektlariga hujumlarni to‘xtatishni ikki marta so‘ragandi.

Ukraina va AQSH prezidentlarining yopiq muzokaralari 40 daqiqa davom etdi. Tramp ikkinchi muddatga qayta saylanganidan so‘ng AQSH Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarda vositachi bo‘ldi. Bu jarayon 2026-yil boshida AQSHning Eronga qarshi urushi fonida to‘xtab qoldi. Biroq avgust oyida Vashington vositachilik sa’y-harakatlarini qayta boshladi.

AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliff, shuningdek, Trampning maxsus vakillari Jared Kushner va Stiv Uitkoff Moskvaga tashrif buyurdi, so‘ngra Kiyevda Zelenskiy bilan ham uchrashdi. Tomonlar energetika obyektlariga zarba berishni o‘zaro to‘xtatish masalasini muhokama qilmoqda. Hozircha AQSH ishtirokidagi muzokaralar aniq kelishuv bilan yakunlanmagan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.