Zelenskiy: Urushni toʻxtatishning yagona yoʻli - muzokaralar
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy sentabr oxiriga qadar AQSH delegatsiyasi bilan yana bir bor uchrashishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi. Uchrashuvda energetika va oziq-ovqat xavfsizligi, shuningdek, Ukraina qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti bilan bogʻliq masalalar muhokama qilinishi kutilmoqda.

Zelenskiy: Urushni toʻxtatishning yagona yoʻli — muzokaralar
Volodimir Zelenskiy bu haqda 11-sentabr kuni Kanada bosh vaziri Mark Karni bilan boʻlgan muzokaralardan keyin jurnalistlarga maʼlum qildi.
Ukraina prezidentining aytishicha, AQSH delegatsiyasi bilan navbatdagi uchrashuv Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasi doirasida boʻlib oʻtishi mumkin.
Zelenskiy muzokaralarda don va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti masalasiga alohida eʼtibor qaratilishini bildirdi. Uning taʼkidlashicha, Rossiya Qora dengiz orqali Ukraina qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportiga toʻsqinlik qila boshlagan.
Shu bilan birga, Ukraina rahbari Kiyevning Yevropa, Kanada yoki AQSH bilan muzokaralari fonida Rossiya Ukrainaga hujumlarni kuchaytirishi mumkinligini aytdi.
«Rossiyani bilgan holda aytishim mumkinki, ular bizning yevropaliklar, kanadaliklar yoki amerikaliklar bilan qayerdadir muzokara olib borayotganimizni eshitsa, bizga qarshi hujumlarni kuchaytirishga harakat qiladi. Bu muzokaralar yoki har qanday muloqotni buzish uchun qilinadi. Ammo biz bu yoʻnalishda harakat qilishda davom etamiz. Urushni toʻxtatishning boshqa yoʻli yoʻq», - dedi Zelenskiy.
Uning soʻzlariga koʻra, Rossiya kuchlarining Ukraina infratuzilmasiga zarbalari davom etayotgan bir paytda Kiyev energetika xavfsizligi masalalari boʻyicha AQSH delegatsiyasi bilan har kuni aloqada boʻlib turibdi.
Zelenskiy, shuningdek, Rossiyada 18–20-sentabr kunlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan Davlat dumasi saylovlariga qadar Moskva bilan jiddiy muzokaralar boshlanishini kutmayotganini bildirdi.
Avvalroq Vashington ham Rossiyadagi saylov kampaniyasi yakunlangach, muzokara jarayoni qayta faollashishiga umid qilayotgani xabar qilingan edi.
AQSH prezidenti Donald Tramp esa 9-sentabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilganidan soʻng, Putin Ukrainadagi urushni tugatish boʻyicha kelishuvga erishishga tayyor ekanini aytgan.
«Bizda juda yaxshi suhbat boʻldi. U kelishuvni xohlayapti», - degan Tramp. AQSH prezidenti, shuningdek, Volodimir Zelenskiy ham kelishuvga erishishni istasa, bu «juda yaxshi» boʻlishini taʼkidlagan.
Sentabr boshida Vashington Kiyev va Moskva oʻrtasida muzokaralarni qayta boshlash maqsadida vositachilik harakatlarini yana faollashtirgan. AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner Moskvaga navbatdagi tashrifini amalga oshirganidan soʻng Kreml Putin Trampni Yevropaga nisbatan hech qanday «tajovuzkor rejalari» yoʻqligiga ishontirganini maʼlum qilgan.

