Dunyo

Tramp Kievni ololmagani uchun rossiyalik generalni aybladi

U tanklarni «loyga botirib qoʻygani» uchun generalni «ahmoq» deb atagan va u hali ham tirik ekaniga shubha bildirgan.

Tramp Kievni egallay olmagani uchun rossiyalik generalni aybladi

AQSH prezidenti Donald Tramp hokimiyatga kelishidan avval Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi urushni 24 soat ichida yakunlashga vaʼda bergan edi, biroq uning tashabbusi bilan boshlangan tinchlik muzokaralarida hanuzgacha sezilarli siljish kuzatilmayapti. Donald Tramp muntazam ravishda keng koʻlamli bosqin boshlangan ilk kunlar haqida ham gapirib keladi — har safar tafsilotlarni biroz oʻzgartirib, Rossiyaning Kiev sari yoʻl olgan, ammo loyga botib qolgan tanklarini eslaydi.

20-oktabr kuni Oq uyda jurnalistlar bilan suhbat chogʻida AQSH prezidenti bu voqeani yana bir bor tilga oldi va bu safar rossiyalik generallardan biriga alohida toʻxtaldi.

Rossiyalik ahmoq general, juda ahmoq odam. Ular minglab tanklar bilan beton avtomagistral boʻylab ketishayotgan edi. Ularni hech narsa toʻxtata olmasdi. Urush bir kunda tugagan boʻlardi. Ammo bu kaltafahm general — uning kimligini ham bilmayman, u hozir tirikligiga shubham bor, u hamon biz bilan ekani dargumon — oʻngga, dalalar tomon buriladi, keyin chapga qayriladi va Kiev tomon yoʻl oladi. Shosseda, beton avtomagistralda, shu paytgacha juda yaxshi harakatlanib kelgan yoʻlda qolish oʻrniga u shunday qarorga keladi. Oxir-oqibat tanklar loyga botib qoladi.

2022-yil fevralida Belarusdan kirib kelgan Rossiya qoʻshinining Kiev sari yurishiga general-polkovnik Aleksandr Chayko boshchilik qilgan edi. Nashr qayd etishicha, yurishning muvaffaqiyatsiz tugashiga uning katta yoʻldan chetga chiqish qarori sabab boʻlmagan.

Kievga yurish ukrain harbiylari tomonidan toʻxtatilgan. 2022-yil 26-fevralida Ukraina qurolli kuchlari poytaxt tashqarisidagi Irpin daryosi ustidagi koʻprikni portlatadi, Rossiya qoʻshini suv toʻsigʻini aylanib oʻtishga urinayotgan paytda esa Kozarovitskaya toʻgʻoni buzib tashlanadi. Bundan tashqari, Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaning Buchada saf tortib turgan zirhli texnikalar kolonnasini yoʻq qiladi. Rossiya armiyasi jiddiy talafot koʻradi va qoʻmondonlik Belarusdan qoʻshimcha kuchlarni yordamga olib kirishga majbur boʻladi.

Yurish muvaffaqiyatsizlikka uchragach, Chayko qoʻmondonlikdan olinadi va Rossiyaning Suriyadagi kontingentini boshqarish uchun yuboriladi. U 2025-yil iyunigacha u yerda qoladi, shu paytda mamlakatda davlat toʻntarishi yuz beradi va prezident Bashar Asad hokimiyatni yoʻqotib, Moskvaga qochadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.