Dunyo

Putinni koʻndira olishmadi. Urush oltinchi yilga oʻtadi

Rossiya Ukrainada boshlagan va «uch kunda tugatishni maqsad qilgan» urush oltinchi yilga ham oʻtadigan boʻldi. Trampning kuyovi Kushner va quruvchi doʻsti Uitkoff avval Moskvaga, keyin Kiyevga borib, muzokaralar oʻtkazdi. Bu gal ham ular kutilganidek urushni tugatish boʻyicha hech qanday natijaga erisha olmadi.

Putinni koʻndirishning iloji boʻlmadi. Urush oltinchi yilga ham kiradi

Rossiya Ukrainada boshlab, «uch kunda tugatishni maqsad qilgan» urush endi oltinchi yilga ham choʻziladigan boʻldi. Trampning kuyovi Kushner va quruvchi doʻsti Uitkoff avval Moskvaga, soʻng Kiyevga borib, muzokaralar olib bordi. Bu safar ham ular kutilganidek urushni yakunlash borasida hech qanday natijaga erisha olmadi.

Men Donald Trampning doʻsti Stiven Uitkoffning bunday darajadagi muzokaralarda qatnashishiga boshidan salbiy qaraganman. Chunki Ikkinchi jahon urushidan keyin dunyoda yuz berayotgan eng yirik urushni toʻxtatish bo‘yicha muzokaralarda professional diplomatlar ishtirok etishi kerak, «dom» sotib boyigan milliarderlar emas. Trampning kuyovi Kushner ham, oshib borsa, qaynotasi yordamida biror biznesdan boyishni biladigan pultopar.

Diplomatiya — sanʼat, olibsotarlik emas. Dunyoning yirik nashrlari «Trampning elchilari hech qanday natijaga erishmadi», deb yozayotgan bir paytda mister Uitkoffning gaplariga eʼtibor bering: «Moskvada sezilarli yutuqlarga erishdik deb oʻylayman, yangi gʻoyalar eshitdik». Qanday «yangi gʻoyalar» ekanini taxmin qilish qiyin emas. Masalan, Putin urushni tugatish uchun Ukraina endi faqat Donbassdan emas, Zaporijjya, Xerson va Sumidan ham chiqib ketsin, degan boʻlsa kerak.

Janoblar, Moskvaga har safar borgandan keyin Putinni ogʻzidan bol tomib maqtaydigan, «Putin oʻz cherkovida sham koʻtarib, Trampni duo qilibdi», deb hayajon bilan gapiradigan milliarderdan urush muzokaralarida nima kutish mumkin? Men kuyov Kushner va quruvchi Uitkoff Rossiya hozir Ukrainaning qaysi qismini bosib olganini, front qayerda muzlab turganini, Donbassning oʻzi nimani anglatishini bilmasligiga shubha qilmayman. Ishonmasangiz, shu ikkovidan Sumi oblasti qayerda joylashganini, Gomel kimga tegishli ekanini soʻrang — javob bera olmaydi. Bu odamlarga faqat avval Moskvaga, keyin Kiyevga borasan, mana bu gaplarni aytasan, deyishgan, xolos.

Butun boshli urush muzokaralarida qatnashayotgan odam pochtalyon vazifasini bajarib, gaplarni u yoqdan bu yoqqa yetkazishi kerak emas; bu ishni telefonda yoki Oq uydagilar yoqtiradigan Signal messenjeridagi chatda ham qilish mumkin.

Butun boshli Amerika nomidan muzokara olib borayotgan odamlarning bunaqa yumshoq pozitsiyada gaplashishi menga juda gʻalati tuyuladi. Aytaylik, biror davlat «siyosiy ochko» ishlash ilinjida oʻrtakashlik qilib, ikki tomonga ham yoqadigan gaplar aytsa, qoʻyinglarey urushmaylik, desa, tushunsa boʻladi. Lekin Amerikadek kuchli davlat nomidan gapirayotgan odamlar ancha dadilroq pozitsiyada boʻlishi kerak, deb oʻylayman. Yoki umuman muzokarada qatnashmaslik kerak. Havoga oʻq uzishdan nima foyda?

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.