Putinning urush uchun yana ikki yilga yetadigan resurslari bor - Ukraina razvedkasi
Rossiya iqtisodiy jihatdan zaiflashganiga qaramay, Vladimir Putin 2027–2028-yillarda ham Ukrainaga qarshi urushni davom ettirish uchun yetarli resurslarga ega. Bu haqda Ukraina harbiy razvedkasi rahbari Oleg Ivashchenko maʼlum qildi.

Putinning urushni davom ettirish uchun yana ikki yilga yetadigan resurslari bor — Ukraina razvedkasi
Rossiya Ukrainaga qarshi urush davomida iqtisodiy jihatdan zaiflashgan bo‘lsa-da, Vladimir Putinning 2027 va 2028-yillarda jangovar harakatlarni davom ettirish uchun resurslari yetarli, dedi Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi (GUR) rahbari Oleg Ivashchenko.
«Rossiyada bu resurslar qolmasligi uchun hamkorlar bilan birgalikda ishlash zarur. Sanksiyalar amalda ishlashi kerak», — dedi u.
Shu bilan birga, uning aytishicha, rossiyaliklarning 60 foizdan ortig‘i allaqachon urushga qarshi chiqmoqda.
«Norozilik o‘sib boradi. Bu iqtisodiy ahvol va dushmanning katta talafotlari oqibatidir», — deb izoh berdi GUR rahbari. U, shuningdek, shartnoma asosida xizmat qiluvchilarni jalb qilish hisobiga armiyani to‘ldirish modeli o‘zini oqlamagani, chunki hududiy byudjetlar ko‘ngillilarga to‘lovlarni moliyalashtirishda davom eta olmasligini ta’kidladi.
«Shu bilan birga, Rossiya qo‘shinlarining yo‘qotishlari ortmoqda. Rossiyaning bir kundagi o‘rtacha talafoti 1200 dan 1400 nafargacha, ba’zan esa 1500 nafar kishini tashkil etadi. Gap halok bo‘lganlar va og‘ir yaradorlar haqida ketmoqda», — dedi Ivashchenko.
Iyun oyida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Putinga ochiq xat yo‘llab, unda Moskvaning urushni yana ikki yilga cho‘zish niyati to‘g‘risida razvedka ma’lumotlari borligini bayon qilgan edi. Uning ta’kidlashicha, Ukraina dronlari va raketalari hujumlariga, benzin tanqisligiga, narxlar o‘sishiga va doimiy taqiqlarga duch kelayotgan rossiyaliklar harbiy mojarodan tobora norozi bo‘lmoqda.
«Ularga urushingizning oxiri ko‘rinmayotgani yoqmayapti», — deb ta’kidlagan Zelenskiy va Rossiya prezidentini urushni to‘xtatishga chaqirgan. Keyinroq Ukraina prezidenti Putin safarbarlik doirasida frontga yana «300 mingdan 500 minggacha odam» yubormoqchi ekanini, chunki Rossiya Mudofaa vazirligi yetarli miqdorda shartnoma asosidagi askarlarni jalb qila olmayotganini aytgan.
5-sentabr kuni Trampning maxsus elchilari Stiven Uitkoff va Jared Kushner Putin bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Moskvaga bordi. Ertasi kuni ular Kiyevga tashrif buyurib, Zelenskiy bilan uchrashdi. Manbalarga ko‘ra, Tramp elchilari yangi g‘oyalarni olib kelmagan va faqat avvalgi takliflarni qayta jonlantirishga uringan.
Nashr suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, Putin hamon Donbass ustidan to‘liq nazoratni talab qilmoqda va urushni faqat o‘z shartlari bilan tugatishga tayyor. Shu bilan birga, u Rossiya armiyasi yil oxirigacha Donetsk viloyatining qolgan 20 foizini egallab olishiga ishonadi. O‘z navbatida, Zelenskiy avvalgidek hududlarni Rossiyaga berishni istisno qilmoqda va Donbass masalasini butun urush uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega deb hisoblaydi.

