Putin va Tramp Ukrainadagi urush, Rossiya va AQSH munosabatlarini tiklashni muhokama qildi
Rossiya va AQSH prezidentlari Vladimir Putin va Donald Tramp 8-sentabr kungi telefon muloqoti chogʻida Ukraina mojarosini tartibga solish hamda Moskva va Vashington oʻrtasidagi munosabatlarni tiklash masalalarini muhokama qildilar.

Putin va Tramp Ukrainadagi urush hamda Rossiya va AQSH munosabatlarini tiklash masalasini muhokama qildi
«Suhbatda asosiy eʼtibor Ukraina masalasini tartibga solishga qaratildi. Donald Tramp mojaroni imkon qadar tezroq tugatish maqsadga muvofiq ekani haqidagi fikrni aniq ilgari surdi, bu esa darhol AQSH va Rossiya munosabatlarini toʻliq tiklash uchun salmoqli va keng koʻlamli istiqbollarni ochgan boʻlardi. Ayniqsa, uning fikricha, bu har ikki davlat uchun ulkan manfaatlar vaʼda qiladigan savdo-iqtisodiy aloqalarda aks etgan boʻlardi. Donald Tramp oʻz prezidentligi davrida bu borada yutuqqa erishilishidan manfaatdor. Vladimir Vladimirovich Putin bu kayfiyatni qoʻllab-quvvatladi», – dedi Ushakov.
Uning aytishicha, AQSH prezidentining maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushnerning Moskva hamda Kiyevga tashrifidan keyin boʻlib oʻtgan suhbat bir soat davom etgan va «konstruktiv hamda juda ochiq» ruhda oʻtgan.
«Oʻzingiz tushunasiz, suhbat rasmiy tusda boʻlgan, shu sababli men sizlar bilan koʻplab muhim tafsilotlar va nozik jihatlarni baham koʻra olmasam kerak. Amerikalik vakillarning tashrifi natijalari ijobiy baholandi va bu yoʻnalishda, aytgancha, boshqa ayrim yoʻnalishlarda boʻlgani kabi, ishlar davom ettiriladi», – dedi Ushakov.
Uning soʻzlariga koʻra, Putin Trampga Rossiya jang maydonidagi vaziyatni va uning rivojlanish istiqbollarini qanday koʻrayotgani haqida batafsil maʼlumot bergan.
«Aytgancha, harbiy harakatlarni tezroq yakunlash uchun amerikaliklar amalda nimalar qila olishi mumkinligi ham qayd etildi», – dedi Ushakov tafsilotlarga berilmasdan.
«Goʻyoki Rossiyaning Yevropa davlatlariga qarshi dushmanona niyatlari borligi haqidagi mish-mishlarni inobatga olib, bizning Yevropaga nisbatan hech qanday tajovuzkor rejalarimiz yoʻqligi, hatto xayolimizda ham yoʻqligi taʼkidlandi. Rossiya tahdidi haqidagi tarqatilayotgan uydirmalar yevropaliklar uchun faqatgina Ukrainaga yordam va oʻz harbiy xarajatlarini oshirishni niqoblash uchungina xizmat qiladi», – dedi Ushakov.
Uning aytishicha, Putin va Tramp aloqada boʻlib turishga hamda zaruratga qarab tezda telefon orqali bogʻlanishga kelishib olgan.

