«Rossiya Ukraina masalasida oʻzini yaxshi tutmoqda» – Tramp yana Zelenskiyga hujum qildi
U Putin va Si Jinping bilan uch tomonlama sammit oʻtkazilishiga ham qarshi emas.

«Rossiya Ukraina masalasida oʻzini yaxshi tutmoqda» – Tramp yana Zelenskiyga hujum qildi
AQSH prezidenti Donald Tramp Volodimir Zelenskiyni yana bir bor keskin tanqid qilib, uni Rossiya bilan urushni yakunlashni istamaslikda aybladi. Shuningdek, u Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Xitoy rahbari Si Jinping qatnashadigan uch tomonlama uchrashuv oʻtkazish gʻoyasini ham maʼqulladi. Trampning bu yangi bayonotlari AQSH va Ukraina munosabatlari keskin sovigan pallada yangradi.
Dushanba kuni jurnalistlar Trampdan Zelenskiyning Amerika hukumati Ukrainaga qarshi urushda Rossiyani qoʻllab-quvvatlasa, «tarixning notoʻgʻri tomonida boʻlishi» haqidagi gaplariga munosabatini soʻrashdi.
«Zelenskiy shunday dedimi? Zelenskiy nima deyayotganini oʻzi bilmaydi. Zelenskiy – urushni allaqachon hal qilishi kerak boʻlgan odam. Agar u menga quloq solganida edi, ancha vaqt oldinroq yaxshiroq kelishuvga erishgan boʻlardi», – dedi Tramp javoban.
U «endi Ukraina nomidan boshqa kimdir muzokaralar olib borishi vaqti kelgani»ni ham qoʻshimcha qildi. «Agar u gapimga quloq solganida – Oval kabinetda nima boʻlganini eslaysiz-ku – allaqachon barchasini hal qilgan boʻlardi. Balki Zelenskiyga muzokaralar olib borish uchun boshqa odamni topish vaqti kelgandir», – deydi Tramp.
2025-yil fevralida Oq uydagi Oval kabinetda AQSH prezidenti va Zelenskiy uchrashuvi chogʻida keskin tortishuv yuz bergandi.
Oʻshanda Trampning Ukraina prezidentidan asosiy talabi zudlik bilan oʻt ochishni toʻxtatish boʻlgandi. Zelenskiy avvaliga buning uchun Kiyevga samarali xavfsizlik kafolatlari kerakligini aytgandi, biroq Oq uydagi voqeadan koʻp oʻtmay Ukraina hukumati oʻt ochishni toʻxtatishga tayyorligini bildirdi. Ammo Rossiya bu taklifni rad etdi.
Trampdan Ukrainaga razvedka maʼlumotlarini yetkazishda kuzatilayotgan uzilishlar haqida ham soʻrashdi.
Oʻtgan haftada Zelenskiy AQSH Kiyevni Rossiyaning raketa zarbalari haqida oʻz vaqtida ogohlantirmaganini aytgan edi. Yakshanba kuni esa NBC telekompaniyasiga bergan intervyusida razvedka maʼlumotlari almashinuvi tiklanganini bildirdi, biroq dushanba kuni Ukraina yana Kiyev ballistik raketalar bilan oʻqqa tutilayotgani haqida toʻliq maʼlumot ololmaganidan shikoyat qildi.
«Ha, biz razvedka maʼlumotlarini beryapmiz, – dedi bu haqda Tramp. – Biz Ukrainaga juda koʻp narsa beramiz. Va bilasizmi nima? Biz Ukrainaga juda koʻp narsa beramiz, ular esa bizga hech narsa bermaydi».

