Tramp Rossiya sori yuz burdi – hafta dayjesti
Hafta davomida AQSH prezidenti Tramp Rossiya foydasiga bir nechta qarorlar qabul qildi, Ukrainani razvedka maʼlumotlari va armiya uchun tezkor internetdan mahrum qildi. Yaman prezidentiga suiqasd boʻldi, uning saroyiga raketa uchirishdi. Putin navbatdagi marta Ukrainaga tahdid qildi. Quyida haftaning baʼzi muhim voqealarini yodga olamiz.

Tramp Rossiya tomon yuzlandi – hafta dayjesti
AQSH prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi urush masalasida endi butunlay Rossiya tarafini oldi. Kiyev Rossiya neft zavodlariga zarba bermaslik haqidagi talabni rad etgach, u Kiyevga toʻliq qarshi chiqdi. U hafta davomida bir necha bor «Ukraina yangi lider tanlashi kerakligi, Zelenskiy bilan kelishib boʻlmasligini» takrorladi. Keyin intervyu berib, «Zelenskiy AQSH birga ishlashni xohlaydigan odam emas», dedi. Putin bilan telefonda gaplashib, AQSH Rossiyadan «solyarka» sotib olishi boʻyicha kelishuvga erishdi, Moskvaga nisbatan bu boradagi sanksiyalarni olib tashladi.
Ukraina armiyasi foydalanayotgan Starlink terminallari tezligi pasaytirib qoʻyildi, natijada ukrainlar frontda jiddiy muammoga duch keldi. Bu cheklov ortida Tramp bilan yana yaqinlashib olgan Ilon Mask turgani aytildi, biroq milliarder harbiy terminallar tezligini Pentagon nazorat qilishini bildirdi. Keyinroq jurnalistlar bu boradagi buyruq Oq uydan kelganini aniqladi.
Amerika Ukrainaga Rossiya zarbalari haqida razvedka maʼlumotlari berishni toʻxtatdi. Shu sabab ruslarning odatdagidan koʻproq zarbalari nishonga yetib bordi. Amerikadan keyin gʻarblik boshqa ittifoqchilar ham razvedka maʼlumotlari berishni toʻxtatgan koʻrinadi, faqat Kanada oʻz maʼlumotlarini ulashgani aniq. AQSH urushga aloqador boshqa masalalarda ham Kiyevga razvedka maʼlumotlari berishni toʻxtatgan.
Hujjat Kongresdan eson-omon oʻtgandi, ammo Tramp undagi cheklovlarni yumshatgani maʼlum boʻldi. Masalan, Rossiya neftini sotib olganlarga 100 foiz, Rossiya tovarlarining oʻziga 500 foiz boj qoʻyilmaydigan boʻldi.
Tramp bir paytlar aynan Zelenskiy bilan muloqotdan keyin boshlangan impichment mojarosini unutgani yoʻq. Mana, endi Ukrainaga qarshi xohlagan ishini qilmoqda. Rossiya foydasiga yangi-yangi qarorlar chiqsa ham, ajablanmang.
Rossiya prezidenti Putin ilk bor Ukrainaning WB omborlari va Yandex data-markazlariga berilgan zarbalarga munosabat bildirdi. «Dushmanning ham WB, ham Ozon platformalariga nisbatan harakatlariga duch keldik. Darvoqe, ular doim shunday qadamlarni tashlaydilarki, ochigʻini aytganda, biz bularni oldindan koʻra bilishimiz kerak edi. Ammo bu darajagacha borishmaydi deb oʻylagandik», dedi Putin.
Rossiya prezidenti «Ukraina boshlaganidan keyin ruslar ham javob berib Ukrainadagi shunday nishonlarni urganini» aytdi. Rossiya aslida Ukrainadagi data-markazlarga avvalroq zarba bergandi, oʻzi bu davlatda rus raketasi yetib bormagan qanaqadir obyekt qolmadi hisob. Lekin Ukrainaning WB va Yandex'ga zarbalari katta shov-shuvga sabab boʻldi. Shunchalik kattaki, Rossiya prezidenti «Endi oʻzingizdan koʻring, biz yanayam kuchli zarba beramiz», deb chiqyapti. Vaholanki, ruslar uchun Ukraina data-markazlarini nishonga olish yangilik ham, muammo ham emas.

