Tramp Ukrainada yangi prezident koʻrmoqchi. U Rossiya tomonga oʻtdimi?
«Ukraina prezidentini almashtirishi kerak!». Prezident Tramp jurnalistlar bilan navbatdagi uchrashuv chogʻida shunday dedi. Endi bemalol aytsak boʻladi: Tramp urush masalasida Rossiya tomonga oʻtdi. Endi Rossiya yana oʻzini gʻolib hisoblamoqda. Shundoq ham ogʻir qish oldidan Ukraina nihoyatda qiyin ahvolda qoldi. Amerika va Rossiya amalda ukrainlarga bosim oʻtkazish yoʻlida birlashdi.

Tramp Ukrainada yangi prezidentni koʻrishni istayapti. U Rossiya tarafga oʻtdimi?
«Menimcha, Ukraina kelisha oladigan yangi yetakchini tanlashi kerak. Unda bir necha bor kelishish imkoniyati bor edi, lekin bunday qilmadi. Biz Rossiya bilan bilganingni qil, lekin neft zavodlariga tegma, bu global muammo keltirib chiqaradi, dedik. U bizning fermerlar va chorvadorlarimiz uchun muammo tugʻdirmoqda. «Dizelga zarba berma», dedik, u esa borib aynan dizelni uryapti». Ana shunaqa, Zelenskiy bir uxlab turgach amerikalik chorvadorlar va fermerlarning «birinchi raqamli dushmani»ga aylandi.
Tramp prezidentlikka kelishi bilanoq Kiyevda xavotir bilan kutib olingandi, chunki uning Moskva bilan munosabatlari sir emasdi. Tramp aynan Zelenskiyga bosim qilgani sabab impichmentga sal qolgan edi. Kiyev xavotir olgandek boʻldi, Tramp kelishi bilan urushni boshlashda Ukrainaning oʻzini aybladi. Zelenskiyga qanday munosabatda ekanini yashira olmadi va oʻtgan yil fevralida ular orasidagi adovat butun dunyo koʻz oʻngida portladi. Tramp kek saqlaydigan odam, shu bois hozir yana bajonidil Zelenskiy orqali Ukrainaga bosim oʻtkazish kampaniyasini boshlab yubordi.
Tramp va uning maʼmuriyatidagi mulozimlar avval ham «Ukrainada saylov oʻtkazish kerakligini» aytishgan, oʻshanda ham bu masala Rossiya tomonining bayonotlaridan keyin ko‘tarilgandi. Ammo Kiyev urush paytida saylov oʻtkazib boʻlmasligini tushuntirgach, bu mavzu qayta ochilmay qolgandi.
Trampning yana «Ukrainaga yangi lider kerak» deb qolishi ham tushunarli. U amerikaliklarni xavotirga solayotgan dizel narxini tushirish uchun Ukrainadan Rossiya neft zavodlariga zarba berishni toʻxtatishni soʻradi. Kiyev esa ruslarning neft inshootlarini urishda davom etdi. Keyin Tramp «Amerika prezidentining gapini ikki qiladigan senmi hali», deb yana Rossiya tomoniga oʻtdi. Amerika uchun «tupkaning tagidagi» bu davlatdan «solyarka» sotib olishni boshladi.
Endi rus tankerlari Yevropa suvliklaridan bemalol suzib oʻtib, «Titanik» marshruti boʻylab butun Atlantikani kechib, Amerikaga dizel olib boradi. Iqtisodchi boʻlmagan odam ham amerikalik fermerlar traktorni makkapoya oʻrishga dalaga chiqarishi uchun buncha uzoqdan dizel sotib olish shart emasligini biladi. Axir Venesuela nefti endi Vashington qoʻlida, Amerika ham koʻp neft qazib oladi, juda boʻlmasa, Kanada bor. Lekin Tramp aynan Ukraina prezidentiga «AQSH prezidentiga yoʻq deyishning oqibati qanday boʻlishini koʻrsatib qoʻyish uchun» Rossiyadan «solyarka» sotib olishga buyruq berdi.
Kecha prezident Tramp Truth Social’dagi sahifasida «Rossiya va Ukraina energetik sulhga kelishgani» haqida eʼlon qildi. Qizigʻi, bu maʼlumot Rossiya tomonidan ham, Ukraina tomonidan ham tasdiqlanmadi. Zelenskiy NATO forumida onlayn nutq soʻzlar ekan, Trampning bu postidan hayron qolgani, u eʼlon qilinishidan koʻp oʻtmay Rossiya Xarkivdagi elektrostansiyaga zarba berganini aytdi. Bu haqda gapirar ekan, Rossiyani troll qilishga ham ulgurdi. «Putin Truth Social'ni oʻqimasligi aniq, uning Shahed'lari boshqacha instruksiya boʻyicha harakat qiladi».

