Toshkentda qandolat mahsulotlariga gashish qo‘shib tayyorlagan shaxs ushlandi
Ijara xonadonida narkolaboratoriya tashkil etilgani aniqlanib, u yerdan 6 kg giyohvandlik vositalari topildi. Ularni tarqatib kelgan “zakladchik” ham qo‘lga tushdi.

Toshkentda qandolat mahsulotlariga gashish qo‘shib tayyorlagan shaxs qo‘lga olindi
Toshkentdagi narkolaboratoriyada giyohvandlik vositalari aralashtirilgan qandolat mahsulotlari ishlab chiqarilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar qildi.
Vazirlik Tezkor-qidiruv departamenti hamda uning hududiy bo‘linmalari, shuningdek, DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbiri davomida jami 6 kg giyohvandlik vositalari qo‘lga kiritilib, fuqaro xonadonida narkolaboratoriya fosh etildi.
2002-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan fuqaro internet narkodo‘konda “zakladchik” sifatida faoliyat yuritib kelgan. Ushbu narkokuryer tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan Yashnobod tumanida to‘xtatilib tekshirilganda, yonidan 58 dona o‘ramda tarqatishga mo‘ljallangan 74 gramm gashish moyi topilgan.
Tezkor-surishtiruv ishlari davomida uning giyohvandlik vositalarini muntazam ravishda 2002-yilda tug‘ilgan narkodo‘kon omborchisidan olib turgani aniqlandi. Shundan so‘ng tezkor tadbir Chilonzor tumani Do‘mbirobod mahallasida davom ettirildi.
Narkodo‘kon omborchisi ijara xonadonida narkolaboratoriya tashkil etgani aniqlanib, u yerdan 3,5 kg gashish moyi, kelgusida “zakladka” usulida tarqatishga tayyorlab qo‘yilgan 361 dona o‘ramda jami 350 gramm gashish moyi, gashish va gashish moyining aralashmasi, shuningdek, 600 gramm gashish, 1,5 kg gashish moyidan tayyorlangan pechenyelar, 4 dona qadoqda gashish moyi marmeladlari hamda qo‘lqop, shprits, zip paket, tarozi, izolentalar, 500 dona bo‘sh flakon, giyohvand modda tayyorlash uchun mo‘ljallangan barcha jihoz va uskunalar ashyoviy dalil sifatida olindi.
O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 19 250 dozaga teng bo‘lgan jami 6 kg miqdorda giyohvandlik vositalari hamda narkolaboratoriyada ishlatiladigan turli buyumlar hujjatlashtirib olindi.
Mazkur holat yuzasidan bu fuqarolarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 6-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

