Toshkentda o‘quv yilining ilk kunida avtomobillar oqimi 30 foizga oshdi

Toshkentda o‘quv yilining birinchi kunida avtomobillar soni 30 foizga ko‘paydi.
2-sentyabr kuni Toshkent ko‘chalarida transport oqimi 24-avgustdagi odatiy ish kuniga nisbatan 30 foizga oshganiga qaramay, shahar bo‘yicha umumiy tirbandlik darajasi 6 ball atrofida saqlanib qoldi. Bu haqda YHTEM xabar berdi.
Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, transport oqimi real vaqt rejimida kuzatib borilgan. Poytaxtdagi deyarli barcha muhim tartibga solinadigan chorrahalar raqamli tizimga ulangan bo‘lib, mutaxassislar yo‘l holati, svetoforlarning ishlashi, avtomobillar navbati va jamoat transporti harakatini nazorat qilgan.
Transport oqimida navbatlar ortgan hollarda, yuklama yuqori bo‘lgan yo‘nalishlardagi svetoforlarda yashil chiroq davomiyligi uzaytirilgan, svetofor fazalari qayta sozlangan va qo‘shni chorrahalar o‘zaro muvofiqlashtirilgan. Bu orqali tirbandlikning keyingi chorrahalarga tarqalishi oldi olingan.
YTH, avtomobilning yo‘lda to‘xtab qolishi, yo‘l tasmasining yopilishi, ta’mirlash ishlari yoki to‘xtash qoidalarining buzilishi sababli yuzaga kelgan tirbandliklar haqida Toshkent shahar IIBB Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlariga tezkor ma’lumot berilgan. Zaruratga ko‘ra, joyning o‘zida harakat qo‘lda tartibga solingan va tegishli xizmatlar jalb etilgan.
Vaziyatlar markazida Toshkent shahar YHTEM, Transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi, IIBB Jamoat xavfsizligi xizmati YHXB, jamoat transporti dispetcherlik xizmatlari hamda muhandislik va tahliliy bo‘linmalar vakillaridan iborat ishchi guruh faoliyat yuritmoqda.
Markaz ma’lumotiga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalari, akademik litseylar, texnikumlar va boshqa ta’lim muassasalarida mashg‘ulotlar boshlanishi bilan transport yuklamasi yanada ortishi mumkin. Shu sababli yaqin kunlarda transport harakatini monitoring qilish kuchaytirilgan tartibda davom ettiriladi.
1-sentyabr kuni YHTEM va Transport boshqarmasi Toshkent shahrida yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan transport tizimi yuqori yuklamaga tayyor ekanini ma’lum qilgandi. Yangi o‘quv yili oldidan maktablar atrofidagi yo‘l harakati xavfsizligini oshirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilgan.

