Toshkent IIBB o‘quvchilar va talabalarni jamoat transportidan foydalanishga chaqirdi

Toshkent shahar IIBB o‘quvchi va talabalarni jamoat transportidan foydalanishga undamoqda.
2-sentyabr – Bilimlar kuni munosabati bilan Toshkentdagi maktablar va boshqa ta’lim muassasalarida darslar boshlanadi.
Shu sababli, ertalabki soatlarda ta’lim muassasalari atrofida transport vositalari va piyodalar harakati sezilarli darajada ko‘payib, ayrim ko‘chalarda tirbandliklar yuzaga kelishi mumkin.
Poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi tirbandliklarning oldini olish hamda o‘quvchi va talabalarning ta’lim muassasalariga xavfsiz yetib borishini ta’minlash maqsadida fuqarolarga imkon qadar jamoat transportidan foydalanishni tavsiya qildi.
Shuningdek, maktab va oliy ta’lim muassasalari atrofida avtomobillarni tartibsiz yoki uzoq muddatga to‘xtatmaslik, yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish hamda piyodalar va o‘quvchilarga yo‘l berish so‘raldi.
IIBB ma’lumotlariga ko‘ra, ta’lim muassasalari atrofida xavfsizlikni ta’minlash, tirbandliklarning oldini olish va fuqarolarga yordam berish maqsadida ichki ishlar organlari xodimlari xizmat olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, akademik litsey va texnikumlarda ham o‘quv jarayonlari 2-sentyabrdan boshlanadi. Oliy ta’lim tashkilotlarida esa 1-bosqich talabalari uchun 7-sentyabrdan, 2-bosqich va undan yuqori bosqich talabalari uchun 14-sentyabrdan boshlanadi.

