Toshkent viloyatida uchta transport to‘qnashib, yong‘in kelib chiqdi

Toshkent viloyatida uchta avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi, natijada yong‘in kelib chiqqan.
Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida 24-avgust kuni Labo, Lacetti va Tracker rusumli avtomobillar ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Viloyat YHXB ma’lumotlariga ko‘ra, voqea taxminan soat 07:30 da Toshkent—Nurafshon avtomobil yo‘lining 9-kilometrida ro‘y bergan.
1991-yilda tug‘ilgan haydovchi Labo avtomobilini qayrilib olish mumkin bo‘lgan joyda burilishni amalga oshirayotgan vaqtida, o‘z yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan Lacetti va Tracker bilan to‘qnashib ketgan. To‘qnashuv natijasida avtomobillarda yong‘in boshlangan. Yong‘in o‘t o‘chiruvchilar tomonidan to‘liq bartaraf etilgan.
Xushxabar shuki, ushbu hodisa natijasida hech kim jarohat olmagan. Hozirda O‘rta Chirchiq tumani IIB tomonidan mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 15-avgust kuni Toshkent viloyatining Qorasuv—Bo‘ka—Bekobod avtomobil yo‘lida Cobalt avtomobili sabab Spark ag‘darilib, ikki kishi, jumladan, 39 yoshli erkak va uning 5 yoshli farzandi halok bo‘lgan edi. Yana bir ayol shifoxonaga yotqizilgan. Shuningdek, 11-avgust kuni Jizzaxda Onix va Volkswagen avtomobillari to‘qnashishi oqibatida ularning haydovchilari vafot etgan edi.

