“Toshkent yo‘lbarsi” nega oyoqlaridan ayrilgan edi? Bokschi Rufat Risqiyev — yaqinlari va zamondoshlari xotirasida
Gazeta marhum, afsonaviy bokschi Rufat Risqiyevning o‘g‘li Qudratxo‘ja Risqiyev va hamkasblari — Muhammadqodir Abdullayev, Valijon Shamshiyevdan o‘z xotiralari bilan bo‘lishishni so‘radi. Ularga ko‘ra, bokschi kitobxon va hazilkash inson bo‘lgan. 'Hukumat dadamni unutgan paytlarda ham xalq unutmadi', — deydi farzandi.

“Toshkent yo‘lbarsi” nega oyoqlaridan ayrilgan edi? Bokschi Rufat Risqiyev — yaqinlari va zamondoshlari xotirasida
15-avgust kuni o‘zbek boksining mashhur vakillaridan biri, 1974-yilgi jahon chempioni Rufat Risqiyev 76 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. “Toshkent yo‘lbarsi” nomi bilan tanilgan sportchi 1976-yilda Monrealda bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida kumush medalni qo‘lga kiritgan. U, shuningdek, Avstriya, Bolgariya, Vengriya, Polsha, Chexoslovakiya va Yugoslaviyada o‘tkazilgan xalqaro turnirlarda g‘olib chiqqan, Kubadagi ochiq chempionatda esa 1973 va 1974-yillarda ikki karra chempion bo‘lgan. Risqiyev sport faoliyati davomida 189 ta jang o‘tkazib, ularning 174 tasida g‘alaba qozongan.
Gazeta muxbiri Mirolim Isajonov marhumning yaqinlaridan u haqdagi xotiralarini so‘radi.
**Qudratxo‘ja Risqiyev, Rufat Risqiyevning o‘g‘li**
Oilada uch farzandning to‘ng‘ichiman: ukam va singlim bor. Aqlimni tanigan paytlarimdanoq dadamni “jahon chempioni” deb atashlarini eshitib ulg‘ayganman. O‘shanda besh-olti yoshlarda bo‘lsam kerak. Lekin bolalikda chempion degan maqomning qadrini to‘liq anglamaysan ekan. Voyaga yetganimdan keyin esa bunga erishish uchun qancha mehnat, mashaqqat va iroda kerakligini tushundim. Ayniqsa, sport ichida yurgan odam buni boshqacha his qiladi.
Uyimizda dadamning Olimpiadada qo‘lga kiritgan kumush medali, jahon chempionatidagi oltin medali va kuboklari turardi. Kubadagi musobaqadan olib kelgan katta tilla qo‘lqoplari ham bor edi. Unga ko‘plab bokschilar imzo qo‘yishgan. Bolaligimizda medallarni bo‘ynimizga osib, kuboklarni olib o‘ynardik. Keyin dadam bu mukofotlarni keng jamoatchilik ham ko‘rishi kerak, degan fikr bilan ularni Olimpiya qo‘mitasi muzeyiga topshirgan.
Dadam bilan ko‘chaga chiqsam, odamlar uni tanib, suhbatlashishga intilardi. “Rufat aka, nima xizmat?”, deb hurmat ko‘rsatishar, kimdir maslahat so‘rar, boshqalar esa shunchaki suhbatlashishni istardi. Bunday manzaralarni ko‘rib, farzand sifatida faxrlanardim. Otangning odamlar orasida hurmati borligini his qilishning o‘zi boshqacha tuyg‘u.
Dadam bizga doim halollikni uqtirardi. “Hech qachon yolg‘on gapirmagin, halol va to‘g‘ri bo‘lgin”, derdi. U kishi qattiqqo‘l, farzandlariga qo‘l ko‘taradigan ota emasdi. Biror noto‘g‘ri ish qilsak, tushuntirib, “Qudrat, bolam, bunaqa emas-da”, deb qo‘yardi. Jahllari qattiq chiqqan paytda esa stolga urib, “Boshqa qaytarilmasin”, derdi. Shuning o‘zi bizga yetarli edi.
Otamning yana bir xususiyati — kitobga mehri balandligi edi. O‘zining aytishicha, bolaligida uydagi kitoblarni o‘qish uchun aka-opalari bilan talasharkan. Yangi kitob kelsa, avval katta farzand o‘qib, keyin navbatdagisiga berar, dadam esa ulardan keyin mutolaa qilarkan. Shu tariqa juda ko‘p asarlarni o‘qigan. Men dadamchalik kitob o‘qimaganman, deb bemalol ayta olaman. Asosan rus tilidagi kitoblar, jahon adabiyoti namunalari va jurnallarni mutolaa qilardi. Ko‘zlari xiralashganidan keyin ham krossvord yechishni yaxshi ko‘rardi. Oldilariga keladigan odamlardan yangi krossvord olib kelishni so‘rardi. Boshqalar pista chaqib o‘tirsa, dadam krossvord yechardi.
U kishi ko‘proq ijobiy kayfiyatda yurishni yoqtirardi. Televizorda yaxshi voqealar, komediyalar va ko‘ngilochar ko‘rsatuvlarni ko‘rishni ma’qullardi. Urush, qotillik va boshqa salbiy voqealarga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlarni xush ko‘rmasdi. Siyosiy mavzulardagi dasturlar haqida ham “Qo‘y, boshqa narsani ko‘raylik, yaxshi narsalardan gaplashaylik”, derdi. Hayotdagi og‘irliklardan ko‘ra, yaxshi gaplar va xursandchilikka ko‘proq e’tibor berishga harakat qilardi.
Dadam dunyoning ko‘plab davlatlarida bo‘lgan. Shunga qaramay, ba’zan xaritaga qarab, hali bormagan joylari borligini aytardi. Ammo umri davomidagi eng katta armonlaridan biri Olimpiada chempioni bo‘lolmagani edi.
Bu haqda gapirganida, sobiq Sovet Ittifoqi davrida o‘zbek sportchisi sifatida Olimpiadaga borish uchun kurashishga to‘g‘ri kelganini aytardi. O‘zbek bo‘lgani sababli nomzodini qo‘llab-quvvatlashmagan. Bu fikrlarni xafa bo‘lib gapirgan paytlari ko‘p bo‘lgan. Dadam o‘z vazn toifasidagi raqiblaridan birini dastlab ochkolar bo‘yicha mag‘lub etgan. Biroq musobaqaga kim borishi masalasida ularning nomzodi ma’qullanmagan. Trenerlar va o‘zbek sport rahbarlari aralashganidan keyin takroriy sinov jangi o‘tkazishga kelishilgan.
O‘shanda dadamga raqibini faqat nokaut yoki nokdaun orqali yutsagina, jahon chempionatiga yo‘l olishini aytishgan. Otam qayta o‘tkazilgan jangda raqibini yengan. Shundan so‘ng jahon chempionatiga olib ketishga majbur bo‘lishgan. Ammo keyin ham nohaqliklarga duch kelgan.
Otamning eslashicha, musobaqada unga o‘zining emas, avvalgi raqibining treneri sekundant qilib biriktirilgan. Ringdagi jang vaqtida berilgan maslahatlar ham to‘g‘ri bo‘lmagan. Sekundantning noto‘g‘ri ko‘rsatmalari ham jang natijasiga ta’sir qilgan. Keyinchalik bu holatda adolatsizlik bo‘lganini anglaganini aytardi. Shuning uchun Olimpiada chempioni bo‘lolmagani haqida gapirganda, buni armon sifatida eslardi.
Dadamning eng muhim fazilatlaridan biri qo‘li ochiqligi edi. Kimdir dardini aytib, yordam so‘rasa, uning muammosini o‘zinikidek qabul qilardi. Imkoniyati bo‘lsa, pul yoki boshqa yo‘l bilan ko‘maklashishga harakat qilardi. “Yo‘q” deb aytish ular uchun qiyin edi.
**O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov bilan.**
Buni bolaligimda ham ko‘rganman. Bir kuni dadam uydan yaxshi palto kiyib chiqib ketdi. Qaytib kelganida esa paltosi yo‘q edi. Oyim qayerda qoldirganini so‘raganida, dadam bir joyda o‘tirganida sovuqda yupun yurgan odamni ko‘rgani va paltosini unga berganini aytdi. U odamga yordamsiz qarab turolmagan. Bu men bilgan misollardan biri, xolos. Kimdir pulga muhtoj bo‘lib murojaat qilsa, dadam imkoniyati doirasida yordam berardi. Afsuski, ba’zi tanish-bilishlari shu ochiqko‘ngilligidan foydalanib, ishonchini suiiste’mol qilgan holatlar ham bo‘lgan. Bunday voqealar dadamni qattiq ranjitardi.
90-yillardan keyin dadamning hayotida ham qiyinchiliklar kuzatildi. Sportdan uzoqlashib, o‘zi bilan o‘zi qolgan paytlari ko‘p edi. Bu holat ularga ruhiy jihatdan ham og‘ir ta’sir qilgan. O‘sha davrlarda chekishni ko‘paytirganini eslayman. 2011-yilda oyoqlaridagi qon tomirlari bilan bog‘liq muammo sabab operatsiya bo‘ldi. Shifokorlar keyin bu holat yana takrorlansa, oyoqni kesishga to‘g‘ri kelishi mumkinligidan ogohlantirishdi. Shundan keyin dadam chekishni birdaniga tashladi.
Biroq vaqt o‘tishi bilan oyoqlaridagi muammolar yana kuchaydi. 2016-yil sentabrida tekshiruvdan keyin qon tomirlarida jiddiy muammo borligi aniqlandi. Shifokorlar qon aylanishi tiklanmasa, to‘qimalar nobud bo‘lishi va bu butun organizm uchun xavf tug‘dirishi mumkinligini tushuntirishdi. Oyoqni saqlab qolish imkoniyati kamaygani uchun dadam uni kesishga rozi bo‘ldi. Shu yili o‘ng oyog‘i kesildi.
Keyin protez qo‘yish masalasi ko‘tarildi. Ammo dadamning vazni 100 kilodan ortiq bo‘lgani uchun protezga moslashish jarayonida kesilgan tomonga tushadigan yuk va og‘riq qiyinchilik tug‘dirdi. Shu sababli bu usuldan voz kechib, asosan aravachada harakatlana boshladi. Ikkinchi oyog‘ida ham harakat kamaygani sari qon aylanishi bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘ldi. 2022-yilda uni ham kesishga majbur bo‘lishdi.
Mustaqillikdan so‘ng dadamning sportdagi xizmatlariga davlat tomonidan yetarlicha e’tibor berilmagan davrlar ham bo‘ldi. Ular tanishlari bilan turli ishlarni yo‘lga qo‘yishga harakat qildi, ammo yirik biznes yoki tijorat bilan shug‘ullanmadi. Ko‘pchilik dadamning obro‘sidan foydalanib, o‘z masalalarini hal qilishda yordam so‘rardi. Otam esa imkoniyatlari boricha ularga ko‘maklashardi.
Shu davrlarda yaqin do‘stlari va sport sohasidagi tanishlari ham qo‘llab-quvvatlab turishdi. Jumladan, G‘ofur aka Rahimov va Salim aka Abduvaliyev bilan munosabatlari yaxshi edi. Ular dadamni yoshliklaridan tanishar, sportdagi faoliyatlarini hurmat qilishardi. Qiyinchiliklarga duch kelgan paytlarida ham yordam berishgan.
2016-yilda dadamning bir oyog‘i kesilganida ham davlat tomonidan katta e’tibor ko‘rsatilganini eslay olmayman. G‘ofur Rahimov operatsiya jarayonida shifokorlar bilan bog‘lanib, qanday yordam kerakligini so‘ragan. 2018−2019-yillardan keyin dadamga nisbatan e’tibor biroz kuchaydi. Hovlidagi uyni ta’mirlash va boshqa masalalarda yordam ko‘rsatildi. Olimpiya qo‘mitasi rahbariyati va sport faxriylari bilan ishlaydigan Bahodir Maqsitov ayrim muammolarni hal qilishda ko‘maklashdi.
Ammo men uchun eng muhimi — hukumat dadamni unutgan paytlarda ham xalq ularni unutmagani. Dadamni tanib, qadrlagan odamlar kelib, holidan xabar olib turishdi. Oyoqlaridan ayrilganidan keyin dastlab qarindoshlar, do‘stlar, jurnalistlar va ularni tanib-bilgan ko‘plab insonlar kelib, hol-ahvol so‘rashardi. Vaqt o‘tishi bilan tashriflar kamaygan bo‘lsa-da, dadamni yaxshi ko‘radigan va hurmat qiladigan odamlar ularni yoddan chiqarishmadi.
Umrining so‘nggi yillarida dadam ko‘proq uyda vaqt o‘tkazdi. Krossvord yechish, televizor ko‘rish va yaqinlari bilan suhbatlashish kundalik mashg‘ulotlariga aylangandi. Sog‘lig‘ida ham muammolar bor edi. Ayniqsa, oyoqlari kesilganidan keyin qon bosimlari ko‘tarilib turardi. Bir ko‘zlari ham xiralashib, unga parda tushgandi.
Shunga qaramay, ba’zan uni yoshlik davrlari o‘tgan joylarga olib borishni taklif qilardim. Dadam boks bilan shug‘ullangan joylari va bolalik xotiralari bilan bog‘liq ko‘chalarni ko‘rishni istardi. Navoiy ko‘chasidan o‘tayotganimizda ba’zan mashinani to‘xtatishimni so‘rab, “Mana bu yerda uyimiz bo‘lardi, shu yerda o‘ynardim”, deb eslardi. Biroz xotiralarga berilib o‘tirgach, xursand bo‘lib, yo‘lda davom etishni aytardi.
Ukam ikkimiz ham boks bilan shug‘ullanganmiz. Lekin professional darajagacha bormadik. Dadam bu borada bizga bosim o‘tkazmagan. “Sportni tanlayman desang, qarshimasman, qo‘limdan kelgancha yordam beraman”, derdi. Biroq onam oilada bitta sportchi bo‘lishining o‘zi yetarli, deb hisoblardi. Dadam “Priroda na detyax otdыxayet”, degan iborani ko‘p aytardi. Ya’ni, bir avloddagi iqtidor keyingi avlodda takrorlanmasligi, balki nevara yoki evaralar orasidan chempion chiqishi mumkinligini ta’kidlardi.
Sportning mashaqqatini dadamning hayotidan ham ko‘rganman. Boksda turli jarohatlar olgan, qo‘llarining ko‘p joyi singan. Umrining oxirgi yillarigacha qo‘llaridagi og‘riq bezovta qilardi. Ba’zan oldiga o‘tirganimda, qo‘llarini massaj qilishimni so‘rardi.
**“Ona zamin yulduzlari” taqdirlash marosimida.**
Boksni asosan o‘zim uchun o‘rganganman. Oila qurib, ro‘zg‘or tashvishlari ko‘paygach, professional sport bilan shug‘ullanishni davom ettirmadim. Bu sohada qolishga o‘zimda ham kuchli ishtiyoq bo‘lmagan.
Dadam bizning oldimizda boks haqida ko‘p gapirmasdi. Qayerga borsa ham odamlar suhbatni boksdan boshlashardi. Otam esa boshqa mavzularda ham gaplashishni xohlardi. Shuning uchun sportdagi faoliyati haqidagi ko‘p ma’lumotlarni keyinchalik boshqalar bilan suhbatlaridan eshitganman.
**Muhammadqodir Abdullayev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi**
Rufat aka 1974-yilda jahon chempioni bo‘lganida men bir yashar bola edim. O‘sha vaqtda ko‘plab o‘zbek otalari singari mening dadamda ham o‘g‘lini bokschi qilish orzusi bo‘lgan. Rufat Risqiyevning sportdagi o‘rni haqida keyinchalik ko‘p eshitdim. Vaqt o‘tib, o‘zim ham boks bilan shug‘ullana boshlaganimdan so‘ng u kishi bilan yaqinroq tanishdim. 1996-yildan munosabatlarimiz shakllanib bordi.
2000-yilda professional boksga o‘tganimdan keyin ham Toshkentga kelib, “Dinamo” stadionidagi boks zalida mashg‘ulotlar o‘tkazardim. Rufat akani ham taklif qilardik. U kishi yoshlik davrlarini eslab, men va Ruslan Chagayevga boks usullarini ko‘rsatib berardi. O‘sha paytda biz yosh edik, Rufat aka esa katta tajribaga ega sportchi sifatida maslahatlarini ayamasdi. Menejerim Toymuraz Niyozov ham u kishini hurmat qilardi.
Keyinchalik jahon chempioni bo‘ldim, Osiyo o‘yinlari va Osiyo chempionatida g‘alaba qozondim, Jahon kubogini yutdim. Eng katta orzum Olimpiada chempioni bo‘lish edi. Bu maqsadga erishib, O‘zbekistonga birinchi Olimpiya oltin medalini olib keldim. Shu yo‘lda Rufat akaning duolarini olganman. Boksga oid yig‘ilishlar va tadbirlarda u kishi bilan uchrashib, suhbatlashishga harakat qilardik.
Andijonda yashaganim uchun Rufat aka bilan har doim ham ko‘rishish imkonim bo‘lmasdi. Ammo hamkasbim Nabijon Ismonov u kishidan tez-tez xabar olib turardi. Zarur narsalarini yetkazib, yordamlashardi.
2023-yilda Nabijon Ismonov orqali Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) prezidenti Umar Kremlyov ham Rufat aka haqida xabar topdi. U kishini kasalxonaga olib borib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga yordam berishdi. Umar Kremlyov Rufat akaga 10 ming dollar berdi, keyin har oy 1000 dollardan moddiy yordam ko‘rsata boshladi. Oradan ikki hafta o‘tib, mashina sovg‘a qilindi.
Keyinchalik ikki yoki uch xonali kvartira ham taqdim etildi.
Bu yordamlar Rufat akaning ahvoli va ularga ko‘mak zarurligi haqida Nabijon Ismonov orqali ma’lumot yetkazilganidan keyin ko‘rsatildi. Umar Kremlyov u kishining kimligi va boks uchun qilgan xizmatlarini bilgach, qo‘llab-quvvatlashga qaror qildi. 2024-yilda Toshkentda jahon chempionati o‘tkazilganida ham Rufat akani uchrashuvga olib borib, duolarini olishga harakat qildik.
Menimcha, Rufat akaning “Toshkent yo‘lbarsi” deb nom olganiga boksdagi natijalari va irodasi sabab bo‘lgan. U kishi 1974-yilda jahon chempionatida g‘alaba qozonib, o‘zbek boksining xalqaro miqyosda tanilishiga katta hissa qo‘shgan.
Rufat akaning final jangida qo‘li singani haqida ham eshitganman. Aytishlaricha, u kishi jarohatini treneriga bildirmay, jangni davom ettirgan. Agar qo‘li singanini aytganida, ringga chiqishiga ruxsat berilmasligi mumkin edi. Shuning uchun chap qo‘li bilan jang qilishda davom etgan va jahon chempioni bo‘lganidan keyingina jarohatini ma’lum qilgan.
Nazarimda, uni “yo‘lbars” deb atashlariga sabab bo‘lgan jihatlardan biri ham shu — og‘riqqa qaramay, maqsadidan qaytmagani. Albatta, bu nomning kelib chiqishi haqida Rufat akaning o‘zlaridan so‘rab ko‘rmaganman. Bu mening shaxsiy fikrim. Ammo u kishining sportdagi natijalari, matonati va O‘zbekistonni dunyoga tanitgani bu nomga munosib ekanini ko‘rsatadi.
Kichkinaligimdan boksga qiziqib, qo‘lqop taqib yurganim uchun Rufat Risqiyevga juda havas qilardim. Sovet davrida chempion bo‘lganini uydagilardan eshitganman, lekin u kishining qayerdan ekani, hayot yo‘li haqida ko‘p narsani bilmasdim. Shunga qaramay, uning muxlisi edim.
Keyinchalik san’at sohasiga kirib kelgach, “Ona zamin yulduzlari” taqdirlash marosimida birinchi marta ko‘rishdim. O‘sha paytlarda Mirzabek aka qayerda bo‘lsa, ko‘pincha yonida yurardim. Rufat aka sahna ortida chiqishlarimga yaxshi baho berardi. Sportga qiziqishimni bilgani uchun bu borada maslahatlarni ham ayamasdi.
Rufat Risqiyev deganda xayolimga birinchi bo‘lib matonat so‘zi keladi. U kishi haqiqatan ham matonatli inson edi. Hatto qo‘li singan holda ham qo‘lqop taqib ringga chiqqani tahsinga sazovor. Shuning o‘ziyoq u kishining irodasi va jasoratini ko‘rsatadi.
Kasal bo‘lib qolganida ham Mirzabek aka ikkimiz holidan xabar olgani bordik. Ko‘nglini ko‘tarishga harakat qilardik. Rufat akaning o‘zi ham juda hazilkash inson edi. Latifa aytishda ham, hazillashishda ham ko‘plab qiziqchilarni ortda qoldirardi.
Uyiga bir necha marta borganmiz. Bir safar Mirzabek aka hazillashib: “Yana meni ko‘rgani keldi, deb o‘ylamang, mashinangizni olib ketgani keldik”, degan. Keyin Rufat aka Mirzabek akaga qarab: “Mirza, meni shu balodan qutqar, shu mashinani olib ket. Bo‘lmasa, sendan keyin ham ko‘pchilik meni ko‘rgani kelib qo‘yadi”, deb hazil qilgandi. Shu gaplarini eslasam, uning qanchalik nozik yumor egasi bo‘lgani yodimga tushadi.
Rufat aka bilan suhbatlashish juda qiziq edi. Yo‘l-yo‘lakay kirib, hol-ahvol so‘rab, o‘tib ketamiz, deb borgan paytlarimizda ham soatlab qolib ketardik. Gaplari, hazillari bilan odamni o‘ziga tortardi. U kishining har bir gapga javobi bor edi, hazilni ham joyida qilardi. Rufat aka nafaqat buyuk sportchi, balki matonatli, samimiy va o‘ziga xos yumorga ega inson edi. Men u kishini aynan shu fazilatlari bilan eslayman.

