Sport

Rufat Risqiyev – o‘zbekning unutilmas chempioni

Bir necha kun oldin o‘zbek boks afsonasi Rufat Risqiyev og‘ir xastalikdan so‘ng 76 yoshida vafot etdi. O‘z vaqtida jahon chempioni, olimpiada sovrindori bo‘lgan sportchi chinakam o‘zbek boksining afsonasi edi.

**Rufat Risqiyev – O‘zbekistonning unutilmas chempioni**

Bugungi kunda o‘zbek boksi dunyodagi eng kuchlilar qatorida turadi. Jahon chempionatlari va Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston asosiy favoritlardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, so‘nggi o‘n yillikda o‘zbek boksi yangi bosqichga ko‘tarilib, ko‘plab sportchilar bir necha bor jahon chempioni va Olimpiya o‘yinlari oltin medallarini qo‘lga kiritdi.

Sobiq Ittifoq davrida esa ko‘plab o‘zbek sportchilari uchun jahon chempionati yoki Olimpiadaga borish orzu bo‘lib qolardi, chunki sovetlar bunday musobaqalarga o‘zbeklarni olib ketishga unchalik moyil emas edi. Ayniqsa, yakkakurash turlarida bitta yo‘llanma uchun bir necha da’vogarlar kurashganida bu holat yaqqol sezilardi. Afsonaviy Rufat Risqiyev o‘z iste’dodi va matonati bilan SSSR davridagi bu stereotipni yo‘qqa chiqarib, o‘zbeklar orasida birinchi bo‘lib jahon chempionligini qo‘lga kiritdi.

**"Toshkent yo‘lbarsi"**

Rufat Risqiyev 1949-yilda Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Bolaligida avvaliga do‘stlari bilan akrobatika to‘garagiga borgan, ko‘p o‘tmay boks to‘garagiga o‘tib ketadi.

"Toshkentning Navoiy ko‘chasida turardik. Do‘stlarimga qo‘shilib darsdan keyin akrobatika mashg‘ulotlariga qatnaganman. Menga umuman yoqmagan bo‘lsa-da, bir muddat shu sport turi bilan shug‘ullanganman. Keyin do‘stlarim boksga qatnashni boshladi, men ham ularga qo‘shildim. Ko‘p o‘tmay do‘stlarim negadir mashg‘ulotga qatnamay qo‘yishdi. Mening hayotim esa boks bilan bog‘landi", deb eslaydi o‘sha kunlarni afsonaviy sportchi.

Rufat ham O‘zbekistonda boks ommalashishiga katta hissa qo‘shgan amerikalik murabbiy Sidney Jeksonning shogirdlaridan edi. Bo‘lajak jahon chempioni katta bokschi bo‘lib yetishishida Boris Granatkin, Aleksey Baranov kabi murabbiylarning ham xizmati katta bo‘lgan.

Rufat Risqiyev bir nechta xalqaro musobaqada g‘alaba qozongach, 1968-yilda uni SSSR terma jamoasi safiga qabul qilishadi. 1972-yilda sportchi ittifoq birinchiligida barcha raqiblarini yengib, chempion bo‘ladi. 1974-yilgi SSSR chempionatida ham unga teng keladigan topilmagach, Moskvadagilar o‘zbek yigitiga ishonch bildirib, jahon chempionatiga olib ketishadi.

Kubada bo‘lib o‘tgan musobaqada Rufat Risqiyev raqiblarini birin-ketin mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalni qo‘lga kiritadi. Finalda ruminiyalik Alek Nestak bilan qo‘li singan holda jang qiladi va matonat ko‘rsatib, g‘alaba qozonadi. 1975 va 1976-yillarda o‘tkazilgan SSSR chempionatida ham g‘olib bo‘ladi. Bunaqasi ittifoq boksi uchun chinakam shov-shuvli voqea edi.

Jahon chempionatidagi g‘alabadan so‘ng Rufat Risqiyevni "Toshkent yo‘lbarsi" deb atay boshlashadi. Biroq ikki yildan so‘ng, ayni kuchga to‘lgan davrida bokschilik faoliyatini yakunlashga majbur bo‘ladi...

**Monrealdagi mag‘lubiyat va unutilgan sportchi**

Rufat Risqiyev uchun navbatdagi katta musobaqa 1976-yilgi Monreal Olimpiadasi edi. Ittifoq bokschilaridan faqat Rufat finalgacha yetib boradi. Chempionlik jangida o‘zbek yigitiga amerikalik Maykl Spinks raqib bo‘ladi. SSSR va AQSh atletlari finalga chiqishi intrigani keskin oshiradi. Rufatdan nima qilib bo‘lsa ham, amerikalik bokschini yengishni talab qilishadi. Biroq finalda amerikalik bokschi g‘olib bo‘ladi.

Monrealdagi mag‘lubiyatdan keyin bokschini SSSR terma jamoasi safidan chetlatishadi. Uni keyingi yillarda bo‘lib o‘tgan SSSR chempionatiga ham qo‘yishmaydi. Oqibatda ayni kuchga to‘lgan 27 yoshida katta sport bilan xayrlashishga majbur bo‘ladi.

**Muhammad Ali bilan tarixiy uchrashuv**

1978-yil iyun oyida afsonaviy bokschi Muhammad Ali SSSRga keladi. O‘n kunlik tashrifi doirasida Ali Toshkent va Samarqandga ham boradi. Toshkentda boks afsonasini kutib olganlar orasida Rufat Risqiyev ham bor edi. Mashhur bokschi havaskor bokschilarni tanimas, shu sababli o‘zbek bokschisiga e’tibor bermaydi.

O‘sha kuni Muhammad Alini Toshkentdagi boks sport klubiga taklif qilishadi. Oldiga Rufat Risqiyevni o‘tkazib, uni o‘zbeklar orasidan chiqqan birinchi jahon chempioni va Olimpiada kumush medali sovrindori deb tanishtirishadi. Shunda Muhammad Ali hazil tariqasida Rufat Risqiyevga boks tushishni taklif qilib, zarbalar yo‘llay boshlaydi. O‘zbek bokschisi ham unga javob qaytaradi. O‘sha paytda bu bellashuv kadrlarga muhrlangan va uni butun dunyo tomosha qilgan edi.

Biroq boshqa manbalarda Muhammad Ali Toshkentga yetib kelgan zahoti kutib oluvchilar orasidan Rufat Risqiyevni qidirgani, o‘zbek bokschisi uch kun davomida unga hamrohlik qilgani va oxirida ular do‘stona xayrlashgani haqida yozilgan.

**Yana sharaf topgan bokschi**

1991-yilda O‘zbekiston mustaqil bo‘lgach, Rufat Risqiyev yana e’tiborga tushadi va musobaqalarda hakamlik qila boshlaydi. 1997-yilda u WBA hakamlar seksiyasiga qabul qilinadi va Markaziy Osiyoda professional boksning xalqaro toifadagi birinchi hakamiga aylanadi.

Rufat Risqiyev mustaqillik yillarida "Hurmat belgisi", "Buyuk xizmatlari uchun", "El-yurt hurmati" ordenlari bilan taqdirlangan. 2020-yilda u "Do‘stlik" ordeniga loyiq ko‘rilgan.

Rufat Risqiyev o‘z vaqtida ko‘plab yosh bokschilarga saboq bergan, ulardan o‘z maslahatlarini ayamagan. Jumladan, avvaliga havaskor boksda muvaffaqiyat qozonib, keyinchalik professional boksda jahon chempioni bo‘lgan Ruslan Chagayev ham bir muddat undan saboq olgan.

2016-yilda Rufat Risqiyev jiddiy sinovni boshidan o‘tkazadi. Shifokorlar uning o‘ng oyog‘ini kesib tashlashadi va sobiq bokschi nogironlar aravachasiga mixlanadi. Keyingi yillarda Xalqaro boks assotsiatsiyasi Rufat Risqiyevni birmuncha qo‘llab-quvvatladi. Uning rahbari sobiq bokschiga avtomobil sovg‘a qiladi. Shuningdek, tashkilot Rufat Risqiyevga umrbod har oy 1 000 AQSh dollari miqdorida moddiy yordam to‘lab berishga qaror qiladi.

**So‘nggi so‘z o‘rnida**

Garchi bugun o‘zbek bokschilari orasida bir necha martadan jahon chempioni va Olimpiada o‘yinlari g‘olibligini qo‘lga kiritgan bokschilar bo‘lsa-da, Rufat Risqiyev nomi haqli tarzda barchadan balandda tilga olinadi. Chunki u birinchi edi. Juda qiyin siyosiy davrda Moskvadagilar o‘zini tan olishga majbur qila olgan o‘zbekning chinakam yo‘lbarsi edi. Uning chempionligini shunchaki sportda qo‘lga kiritilgan oddiy natija deb qabul qilish adolatdan bo‘lmaydi. Bu mustamlaka davrida jasur millatning jasur o‘g‘loni qo‘lga kiritgan g‘alaba, butun millat g‘alabasi edi. 1974-yil Rufat Risqiyev qo‘lga kiritgan jahon chempionligining bahosi yo‘q. Bugun o‘zbek boksi dunyoda tengsiz bo‘lishiga bu afsona katta hissa qo‘shgan. Doim qalbimizdasiz, "Toshkent yo‘lbarsi".

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.