Sport

“Toshkent yo‘lbarsi”: Ringdagi zafarlardan mangulikka qadar

**"Toshkent yo‘lbarsi": Ringdagi zafarlardan abadiyatga qadar**

"Toshkent yo‘lbarsi" nomi bilan tanilgan afsonaviy bokschi, Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatlarida shohsupaga ko‘tarilgan ilk o‘zbek sportchisi Rufat Risqiyev 15-avgust kuni 76 yoshida vafot etdi.

O‘zbekiston sporti tarixida shunday shaxslar borki, ularning nomi nafaqat bir davrning yorqin ramziga, balki butun bir milliy sport maktabining asosiga aylanadi. Rufat Risqiyev ana shunday afsonaviy shaxslardan biri edi. "Daryo" nashri ushbu afsonaviy bokschining hayot yo‘li, Olimpiya o‘yinlaridagi muvaffaqiyatlari va xalqaro e’tiroflari haqida hikoya qiladi.

**Hayot yo‘lining boshlanishi va boksga kirib kelishi**

Rufat Asadovich Risqiyev 1949-yil 2-oktabrda Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on shahrida, shifokor oilasida tug‘ilgan. Uning boks olamiga kirib kelishi o‘smirlik yillariga to‘g‘ri keladi. "Toshkent yo‘lbarsi" 12 yoshida Toshkentda afsonaviy murabbiy Sidney Jekson qo‘l ostida boksning ilk saboqlarini ola boshlagan. 14 yoshidan boshlab u "Burevestnik" sport jamiyatida mashg‘ulotlarni davom ettirdi. 1966-yildan esa tajribali murabbiy Boris Granatkin bilan birga ishlab, o‘zining professional jangovar uslubi va mahoratini charxladi. Mahoratli charm qo‘lqop ustasi qisqa fursat ichida murabbiylar e’tiborini qozondi va milliy hamda Butunittifoq turnirlarida yuqori natijalarni ko‘rsata boshladi.

**Yorqin faoliyat va xalqaro e’tirof**

Rufat Risqiyevning sportdagi yo‘li jasorat, mashaqqatli mehnat va yuksak mahorat bilan yo‘g‘rilgan. U o‘zining betakror uslubi, chaqqonligi va hal qiluvchi zarbalari bilan nafaqat tomoshabinlar, balki mutaxassislar e’tiborini ham tezda qozondi. Sobiq Ittifoq va xalqaro turnirlarda ketma-ket g‘alabalarga erishgan bokschi qisqa fursatda jahon arenasi qahramoniga aylandi. 1973-yilda Kuba ochiq chempionatida ham zafar quchadi. Ammo uning sport faoliyatidagi eng yuksak cho‘qqi 1974-yilga to‘g‘ri keladi. Kuba poytaxti Gavana shahrida o‘tkazilgan havaskor boks bo‘yicha birinchi Jahon chempionatida Rufat Risqiyev barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Aynan shu turnirning hal qiluvchi janglarida Rufat Risqiyev o‘ng qo‘li singaniga qaramay, matonat ko‘rsatib ringga chiqqan va kuchli og‘riq bilan jang oxirigacha kurashgan edi. Shu tariqa, u Jahon chempioni unvoniga sazovor bo‘lgan ilk o‘zbek bokschisi sifatida tarixga kirdi.

**Olimpiyada shohsupasi va dunyo e’tirofi**

Ushbu tarixiy g‘alabadan so‘ng ham u o‘z ustida ishlashdan to‘xtamadi. 1976-yilda Monreal (Kanada) shahrida bo‘lib o‘tgan XXI yozgi Olimpiya o‘yinlari finalida amerikalik bokschi Maykl Spinksga qarshi ringga ko‘tarilgan. U uchinchi raundda Spinks taqiqlangan zarba yo‘llagan. Risqiyev esa hakamga buni qoidabuzarlik sifatida ko‘rsatgan bo‘lsa-da, referilar zarbani inobatga olib, g‘alabani amerikalikka berishgan. O‘zbekistonlik bokschi esa kumush medalni qo‘lga kiritgan edi. Ushbu bahsli jangdan so‘ng u katta sport bilan xayrlashishga qaror qilgan.

Faoliyati davomida u AQSH, Kuba, Avstriya, Yugoslaviya va Ispaniyada o‘tgan xalqaro turnirlarda zafar quchib, o‘zining "Toshkent yo‘lbarsi" degan faxriy nomiga har jihatdan munosib ekanini isbotladi.

**Ringdan so‘ng: Hakamlik va davlat mukofotlari**

Sportchilik faoliyatini yakunlaganidan keyin ham Rufat Risqiyev charm qo‘lqop ustasi sportdan uzoqlashmadi. 1979-yili uning hayoti va sportdagi faoliyatiga bag‘ishlangan "Ringga chaqiriladi..." badiiy filmida bosh rol — jahon chempioni bo‘lgan o‘zbek yigiti Rufat Qudratov obrazini shaxsan o‘zi talqin etgan. 1997-yilda u WBA (Jahon boks assotsiatsiyasi) hakamlar tarkibiga kirib, Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan ilk xalqaro toifadagi professional boks hakami darajasiga erishdi. U ko‘plab mas’uliyatli va nufuzli xalqaro janglarda adolatli hakamlik qildi. Bundan tashqari, bokschi "Dinamo" sport jamiyatida yo‘riqchi, Toshkent politexnika instituti kafedra mudiri, Respublika olimpiya o‘rinbosarlari bilim yurtida murabbiy sifatida faoliyat yuritgan.

Uning o‘zbek sportini dunyoga tanitish va yosh avlodni tarbiyalashdagi xizmatlari yuksak baholanib, bir qator oliy davlat mukofotlari — "Hurmat belgisi", "Buyuk xizmatlari uchun" hamda "El-yurt hurmati" ordenlari bilan taqdirlandi. U faoliyati davomida 189 marta jang o‘tkazib, 174 martasida g‘alaba qozongan.

Ketma-ket zafarlar va shon-shuhratga boy hayot keyinchalik jiddiy sinovlarga yuz tutdi. 2016-yilning sentyabr oyi oxirlarida salomatligi yomonlashgani sababli Toshkent shahridagi 16-shifoxonaga yotqizildi. Venalar trombozi og‘irlashishi natijasida shifokorlar uning o‘ng oyog‘ini tizzadan past qismini kesib tashlash (amputatsiya) bo‘yicha jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga majbur bo‘lishdi. U hayotning ushbu og‘ir va murakkab sinovini ham kuchli irodasi bilan qarshi oldi.

2023-yil iyul oyida Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) rahbari Umar Kremlyov o‘zbekistonlik bokschi Rufat Risqiyevga "Malibu-2" mashinasini topshirgan edi. O‘shanda faxriy sportchi IBA prezidentining faxriylar masalasida maslahatchisi etib tayinlangan. Bir muddat avval unga 10 000 dollar miqdorida mukofot berildi. Uchrashuv davomida Rufat Risqiyev IBA tomonidan har oy 1000 dollar miqdorida rag‘batlantirilishiga qaror qilingan edi.

**Afsonaning boqiy xotirasi**

Buyuk shon-shuhrat yo‘lini bosib o‘tgan, o‘zining jasorati va betakror mahorati bilan o‘zbek sporti tarixiga oltin harflar bilan muhrlangan.

Rufat Risqiyev shunchaki chempion emas edi — u butun bir avlodga xalqaro maydonlarda g‘alaba qozonish mumkinligini isbotlab bergan va milliy boks maktabining haqiqiy poydevorini qo‘ygan buyuk yo‘lboshchi bo‘ldi. Bugungi kunda O‘zbekiston boks bo‘yicha tengsiz bo‘lsa, ushbu boks maktabning ilk tamal toshini "Toshkent yo‘lbarsi" qo‘ygan edi.

U dunyoni tark etgan bo‘lsa-da, uning matonati, yorqin janglari hamda o‘zbek sporti bayrog‘ini ilk bor jahon shohsupasida baland hilpiratgani haqidagi xotiralar asrlar davomida yashayveradi. Rufat Risqiyevning porloq siymosi o‘zbek xalqi va millionlab sport ixlosmandlari qalbidan hech qachon o‘chmaydi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.