Toshkent viloyatida qariyb 2 ming doza narkotik tarqalishining oldi olindi

Toshkent viloyatida qariyb 2 ming doza narkotik tarqalishining oldi olindi
Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar chog‘ida jami 282 gramm gashish giyohvandlik vositasi aniqlandi. Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, bu moddadan qariyb 2 ming doza narkotik tayyorlash mumkin.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari Davlat xavfsizlik xizmati vakillari bilan hamkorlikda O‘rta Chirchiq va Angren tumanlarida tezkor tadbirlar o‘tkazdi.
O‘rta Chirchiq tumanida oldindan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi avtomobil to‘xtatilib, tekshiruvdan o‘tkazilgan. Ko‘zdan kechirish vaqtida haydovchi tezkor xodimlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmay, qarshilik ko‘rsatishga va yonidagi shubhali moddani tashlab yuborishga uringan.
Xolislar ishtirokida o‘tkazilgan ko‘zdan kechirish natijasida ushbu modda 82 gramm gashish ekani ma’lum bo‘lib, daliliy ashyo sifatida olib qo‘yilgan.
Angren tumanida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda esa shubha ostidagi shaxs boshqaruvidagi avtomobil ko‘zdan kechirilgan. Mashinadagi yo‘lovchi o‘rindig‘i ostiga yashirilgan polietilen paketdan 200 gramm gashish topilgan.
Shu tariqa, ikki holat bo‘yicha jami 282 gramm giyohvandlik vositasi noqonuniy muomaladan chiqarilgan. Mutaxassislar mazkur narkotik moddaning qora bozordagi o‘rtacha qiymatini 20 ming dollar deb baholagan. Har ikki holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yilning o‘tgan davrida bojxona organlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda aniqlangan 541 ta holatda 1,9 tonnadan ziyod giyohvandlik vositasining bojxona chegarasi orqali noqonuniy olib o‘tilishi va mamlakat ichidagi yashirin aylanmasiga chek qo‘ygan.
“Qoradori-2026” keng qamrovli tezkor profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi doirasida respublikaning barcha viloyatlarida vertolyotlar orqali nazoratli uchishlar amalga oshirilgani haqida xabar berilgandi. Tadbirlar davomida xonadonlarda yetishtirilgan jami 70 kg giyohvandlik o‘simliklari belgilangan tartibda yo‘q qilingan.

