Uch hududda ushlangan narkosavdogarlardan 12,7 kilo giyohvandlik vositalari olindi

Uch hududda ushlangan narkosavdogarlardan 12,7 kilo giyohvandlik vositalari olindi
Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahri, viloyati va Namangan viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida uch hududda ushlangan narkosavdogarlardan 12,7 kg giyohvandlik vositalari olinganini ma’lum qildi.
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir chog‘ida Andijon viloyati Marhamat tumanida yashovchi, 2000-yilda tug‘ilgan shaxs o‘z boshqaruvidagi Cobalt’da tadbir ishtirokchilarining qonuniy talabiga bo‘ysunmay qochishga uringan va avtomashina salonida bo‘lgan 2 dona o‘ramdagi shubhali moddalarni uloqtirib yuborgan.
Keyin transport vositasi to‘xtatilib, uning salonidan yana 2 dona, shuningdek mazkur shaxs qabul qilib olishi kerak bo‘lgan geolokatsiyadan 1 dona o‘ramdagi shubhali moddalar topilgan. O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida aniqlangan moddalar gashish giyohvandlik vositasi ekani ma’lum bo‘lib, ularning jami og‘irligi 5 kilogrammni tashkil etgan.
DXXning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi hamda Ichki ishlar organlari hamkorligida Chilonzor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda katta miqdordagi sintetik narkotiklar fosh etildi. 2005-yilda tug‘ilgan xorijiy davlat fuqarosi to‘xtatilib tekshirilganda, uning yonida zip-paketga solingan kukunsimon modda borligi aniqlangan. U vaqtincha yashayotgan xonadon ham xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, turli oziq-ovqat mahsulotlari nomi ostida qadoqlangan paketlar ichida 4 kilogramm 133 gramm “3-xlorometkatinon”, 403 gramm “Amfetamin”, 720 gramm “MDMA” va 20 gramm “kokain” giyohvandlik vositalari borligi ma’lum bo‘lgan.
DXX Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Chegara qo‘shinlari hamda Bojxona organlari hamkorligida Uchqo‘rg‘on tumanidagi chegara-bojxona postida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa qo‘shni davlatdan mamlakatga kirib kelgan, Chortoq tumanida yashovchi, 2000-yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi Lacetti tekshirilganda, uning yoqilg‘i baki ichiga 2 kilogramm 513 gramm “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasi yashirilgani aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Shuningdek, mazkur shaxs bilan chegara-bojxona postigacha birga kelib, postni piyoda kesib o‘tib, respublika hududida uni kutib turgan 2005-yilda tug‘ilgan chortoqlik sherigi ham ushlangan.
Hozirda har uchala holat yuzasidan narkosavdogarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

