Toshkent viloyatida fuqaroning avtomobiliga narkotik tashlab qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi

Toshkent viloyatida fuqaroning avtomobiliga narkotik tashlab qo‘ymoqchi bo‘lganlar qo‘lga olindi
Toshkent viloyatida bir fuqaroni ataylab jinoiy javobgarlikka tortish maqsadida uning avtomobiliga giyohvandlik moddasini tashlab qo‘yishni rejalashtirgan shaxslar ushlandi.
Ma’lum qilinishicha, Parkent va Yuqori Chirchiq tumanlarida yashovchi, 1980 va 1974-yillarda tug‘ilgan ikki nafar shaxs 2003-yilda tug‘ilgan fuqaro bilan avval yuzaga kelgan kelishmovchilik sabab uni qasddan jinoiy javobgarlikka tortishni ko‘zlagan.
Shu maqsadda ular 1996-yilda tug‘ilgan fuqaroni 500 ming so‘m evaziga yollab, 1,2 gramm gashishni 2003-yilda tug‘ilgan fuqaroning avtomobiliga tashlab qo‘yishni rejalashtirgan.
Gumonlanuvchilar giyohvandlik moddasini avtomobilga tashlab qo‘yish uchun yollangan shaxsga berayotgan paytda tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

