Toshkentda narkodilerlar qo‘lga olinib, 1 kiloga yaqin giyohvandlik vositasi musodara qilindi

Toshkentda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar qo‘lga olindi va ulardan qariyb 1 kilogramm giyohvandlik vositasi musodara qilindi.
Toshkent shahri va viloyatida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida avval narkotik jinoyatlari uchun sudlangan shaxslar va ularning sheriklari hibsga olindi.
Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv departamenti xodimlari Toshkent tumanida 1991-yilda tug‘ilgan, ilgari Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan sudlangan shaxsni BYD avtomashinasida harakatlanayotgan vaqtida to‘xtatib tekshirishdi. Avtomobil salonidan 200 gramm mefedron topildi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, uning yashash joyi ham ko‘zdan kechirildi. U yerdan yana 300 gramm mefedron aniqlandi. IIV ma’lumotlariga ko‘ra, bu shaxs narkojinoiy faoliyatda qadoqlovchi va "zakladchik" vazifasini bajargan.
Keyingi holat Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida qayd etildi. IIV Tezkor qidiruv departamenti hududiy bo‘linmalari va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan 1992-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs hamda uning 1990-yilda tug‘ilgan sherigi BYD avtomashinasida to‘xtatib tekshirildi.
Ularning yonidan 400 gramm mefedron va gashish topilib, ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi. Tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, ular Telegram’dagi narkodo‘kon orqali sintetik giyohvandlik vositalarini qariyb bir yil davomida tarqatib kelgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini oʻtkazish maqsadini koʻzlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda oʻtkazish) 6-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
IIV fuqarolarni shubhali faoliyat yoki shaxslar haqida “Stopnarko” Telegram boti va ishonch telefonlari orqali xabar berishga chaqirdi.
Avvalroq Toshkent shahrining Chilonzor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda qurilish asboblari ichiga yashirilgan jami 585 gramm “Alfa-PVP” sintetik narkotik moddasi aniqlangani haqida xabar berilgandi.

