Mahalliy

Toshkent viloyatida 400 dan ortiq fuqaroni foizsiz kredit bilan aldab, 17 mlrd so‘m o‘zlashtirgan guruh fosh etildi

Toshkent viloyatida 400 dan ortiq fuqaroni foizsiz kredit bilan aldab, 17 mlrd so‘m o‘zlashtirgan guruh aniqlandi

Toshkent viloyatida fuqarolarga foizsiz kredit olib berishni va’da qilib, 400 dan ortiq odam nomiga kredit rasmiylashtirgan jinoiy guruh fosh etildi. Firibgarlar ajratilgan mablag‘larning bir qismini o‘zlashtirgan bo‘lib, yetkazilgan zarar qariyb 17 milliard so‘mni tashkil qilgan.

Viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tezkor xodimlari o‘tkazgan tadbirlar davomida ma’lum bo‘lishicha, guruh a’zolari internet tarmoqlarida “foizsiz kredit olib beramiz” mazmunidagi e’lonlarni joylashtirib kelgan.

E’londa qiziqqan fuqarolarni oldindan ijaraga olingan hashamatli ofislarga chaqirgan shaxslar kreditni ularning nomiga rasmiylashtirib berishni taklif qilgan. Buning evaziga ajratilgan mablag‘larning ma’lum qismini o‘zlashtirishgan.

Jumladan, fuqarolarga 100 million so‘m kredit rasmiylashtirib berilishi, uning 50 million so‘mi ularga topshirilishi, qolgan 50 million so‘mi esa kompaniyada qolishi va kredit to‘lovlarini firibgarlarning o‘zi amalga oshirib borishi va’da qilingan.

Yolg‘on va’dalarga ishongan fuqarolar kreditni o‘z telefonlari orqali rasmiylashtirgan. Natijada 400 nafardan ortiq fuqaro nomiga kreditlar ajratilgan, mablag‘larning teng yarmi esa firibgarlar tomonidan o‘zlashtirilgan. O‘zlashtirilgan mablag‘larning umumiy miqdori qariyb 17 milliard so‘mni tashkil etgan.

Oradan vaqt o‘tib, fuqarolarga banklar tomonidan kredit qarzdorligini undirish bo‘yicha talabnomalar yuborila boshlagan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi, ya’ni firibgarlik moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergovga qadar tekshiruv va tezkor tadbirlar davomida jinoiy guruhning 6 nafar a’zosi gumonlanuvchi tariqasida ushlangan va qamoqqa olingan. Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

IIBB fuqarolarni internetdagi “foizsiz kredit”, “juda kam foizli kredit” va “hujjatsiz kredit” kabi takliflarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishga chaqirdi. Kredit boshqa shaxslar tomonidan to‘lanishi va’da qilingan taqdirda ham, u fuqaroning nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lsa, bank oldidagi majburiyat uning zimmasida qolishi mumkin.

Avvalroq Toshkentning Uchtepa tumanida fuqarolarning 574,6 million so‘mini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan shaxslar fosh etilgani haqida xabar berilgandi. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.