Toshkent viloyatida hokim yordamchisiga nisbatan tergov boshlandi
U fuqarolar nomiga olingan kreditni talon-toroj qilishda ayblangan.

Toshkent viloyatida hokim yordamchisiga nisbatan jinoiy ish ochildi. U fuqarolarga ajratilgan kredit pullarini o‘zlashtirganlikda gumon qilinmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Quyichirchiq tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijasida "Oydinobod" MFY hokim yordamchisi Sh.G.ning noqonuniy harakatlari fosh etildi.
Aniqlanishicha, Sh.G. 4 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularning "Oydinobod" MFY hududida yashamasligiga qaramay, bankka taqdim etgan tavsiyanomasida ularni ushbu MFYda yashovchi shaxslar sifatida ko‘rsatgan. Natijada, 130,2 million so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilishiga erishgan va bu pullarni shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

