Mahalliy

Toshkent viloyatida Qozog‘iston fuqarosini do‘pposlab, 300 mln so‘mini tortib olgan jinoiy guruhga sud hukmi o‘qildi

Toshkent viloyatida Qozog‘iston fuqarosini do‘pposlab, 300 mln so‘mini olib qo‘ygan jinoiy guruhga sud hukmi chiqarildi

Toshkent viloyatining Toshkent tumanida, chegara bojxona posti yaqinida Qozog‘iston fuqarosini do‘pposlab, undan 300 mln so‘mni tortib olgan to‘rt nafar shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi.

Voqea 2025-yil 10-oktyabr kuni soat 23:30 lar atrofida Toshkent tumanidagi “Navoiy” chegara bojxona posti yaqinida yuz bergan.

Ma’lum bo‘lishicha, Qozog‘iston fuqarosi T.D. O‘zbekistondan Qozog‘istonga naqd pul olib o‘tib, uni egalariga yetkazib berish bilan shug‘ullangan. Bu ishda uning uch-to‘rt nafar sherigi ham bo‘lgan. Chegaradan bir kishi faqat 100 mln so‘mgacha pul olib o‘tishi mumkinligi sababli, katta summa sheriklar o‘rtasida taqsimlab olingan.

2025-yil 9-oktyabr kuni tanishi L.E. unga qo‘ng‘iroq qilib, O‘zbekistondan pul olib kelishda yordam berishni so‘ragan. Taklifga rozi bo‘lgan T.D. soat 19:00 lar atrofida “Qoplonbek” chegara bojxona posti orqali O‘zbekistonga kirgan. Uni post yaqinida sherigi hamda U. ismli shaxs Gentra avtomobilida kutib olgan. Erkak mashinada ketayotganida to‘rtta polietilen paketga joylangan 400 million so‘mni olgan.

T.D. paketlarni ko‘tarib, chegara posti tomon piyoda ketayotgan paytda ortidan ikki kishi kuzatib kelayotganini sezgan. U sheriklariga qo‘ng‘iroq qilishga uringan, biroq O‘zbekiston hududida Qozog‘iston mobil aloqa tarmog‘i ishlamagani uchun ular bilan bog‘lana olmagan.

“Taxminan 200 metr yurganimdan so‘ng yo‘lning qorong‘i qismiga yetib keldim. Kutilmaganda kimdir yuzimga ketma-ket zarba berdi, yana bir kishi esa orqamdan urdi. Shunda qo‘limdagi paketlar yerga tushib, pullar sochilib ketdi”, deya ko‘rsatma bergan jabrlanuvchi.

Hujum qilganlar uchta paketdagi jami 300 mln so‘mni olib, voqea joyidan qochib ketgan. T.D. esa qolgan bitta paket bilan chegara postiga yetib borib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan.

Tergovda aniqlanishicha, hujum tasodifiy bo‘lmagan. Bir mahallada yashovchi A.M., Sh.J., F.S. va N.S. chegara posti oldida Qozog‘istonga katta miqdorda pul olib o‘tadigan fuqarolar haqida oldindan bilgan va ularni bosqinchilik yo‘li bilan talashni rejalashtirgan. Rejaga ko‘ra, A.M. va Sh.J. atrofni kuzatib turishi, F.S. va N.S. esa fuqarolarga hujum qilishi kerak bo‘lgan.

Biroq voqea chegara posti yaqinidagi logistika markaziga o‘rnatilgan kuzatuv kameralariga tushib qolgan. Tasvirlarda T.D. avtomobildan tushgach, uning ortidan Spark kelib to‘xtagani, mashinadan bir kishi tushgani va yana bir erkak daraxt ortidan chiqib, unga tashlangani aks etgan. Avtomobilning davlat raqami orqali gumonlanuvchilar aniqlangan.

Tintuv chog‘ida Sh.J.ning yashash xonadonidagi hojatxona tomidan 211,5 mln so‘m topilgan.

“Avval uning taklifiga rozi bo‘lmadim. Keyin moddiy tomondan qiynalib turganim sababli rozi bo‘ldim. Jabrlanuvchini men urmaganman, uni ‘Nurik’ urgan. Men yerga sochilgan pullarni yig‘ib olganman”, deydi sudda F.S.

A.M., Sh.J. va N.S. esa sudda aybini tan olmagan. Sh.J.ning aytishicha, A.M. unga 22 ta taxlamdagi pulni “mijozimniki” deb vaqtincha saqlash uchun qoldirgan. U pullar qayerdan olinganini bilmaganini bildirgan.

“Pullarni uyga olib kirib, oila a’zolarim noto‘g‘ri tushunmasligi uchun hojatxona tomiga yashirib qo‘ydim. Ularning ichidan bir so‘m ham olmaganman”, deya ko‘rsatma bergan Sh.J.

A.M. esa pullarni unga F.S. olib kelganini va “o‘zimniki” deb aytganini ma’lum qilgan. N.S. ham jabrlanuvchiga hujum qilmaganini aytib, tergovda bosim ostida ko‘rsatma berganini da’vo qilgan.

Sudda jabrlanuvchi yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganini bildirib, sudlanuvchilarga nisbatan da’vosi yo‘qligini ma’lum qilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudi hukmiga ko‘ra, F.S., A.M., Sh.J. va N.S. Jinoyat kodeksining 164-moddasi 4-qismi (“a” bandi) bilan aybli deb topilgan. Ularga Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanib, har biriga sakkiz yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.