Mahalliy

Suddan noodatiy qaror: Toshkent viloyatida MFY va fuqarolarga 1 758 tup daraxtni koʻchirish majburiyati yuklandi

Toshkent tumanidagi Qizgʻaldoq mahallasida fuqarolar 2023-yilda “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ ruxsati bilan yuqori kuchlanishli elektr tarmogʻi muhofaza zonasidagi yer maydonini obodonlashtirgan. 2 ming tupga yaqin daraxt koʻchati oʻtqazilgan hudud bugun yashil zonaga aylangan. Sud mahalla va fuqarolarga ushbu daraxtlarni koʻchirish majburiyatini yuklamoqda.

Suddan noodatiy qaror: Toshkent viloyatida MFY va fuqarolarga 1 758 tup daraxtni koʻchirish majburiyati yuklandi

Toshkent viloyati sudi fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasi mahalla fuqarolar yigʻini va fuqarolar zimmasiga 1 758 tup daraxtni boshqa joyga koʻchirish majburiyatini yuklash yuzasidan ajrim chiqardi.

Ajrimda qayd etilishicha, Toshkent tumani Qizgʻaldoq mahallasi Qizgʻaldoq koʻchasida istiqomat qiluvchi aholi 2023-yilda hududdan oʻtgan yuqori kuchlanishli elektr tarmogʻi muhofaza zonasidagi yer maydonini obodonlashtirgan. Bu ish “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning yozma ruxsati asosida amalga oshirilgan.

Fuqarolar mazkur yer maydoniga jami 1758 tup, jumladan 633 tup manzarali va 1125 tup mevali daraxt koʻchatlarini ekishgan. Hozir bu hudud yashil zonaga aylangan. Daraxtlar belgilangan tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilib, “Qizgʻaldoq” MFYga biriktirilgan.

2025-yilga kelib, ushbu 2,5 ga yer maydonining egasi paydo boʻlgan: u 2021-yilda tuman hokimi qarori bilan MChJga doimiy foydalanish huquqi asosida berilgani aniqlangan.

Toshkent tumani hokimining 2021-yildagi qarorida MChJga “Bogʻizilol” MFY hududidan yer maydoni ajratilishi nazarda tutilgan edi. Tuman hokimining 2026-yil 22-yanvardagi qarori bilan esa dastlabki qarordagi “Bogʻizilol MFY” soʻzlari “Qizgʻaldoq MFY” soʻzlariga almashtirilgan.

MChJ sudga daʼvo arizasi kiritib, yer maydonida koʻkalamzorlashtirish hamda manzarali daraxt koʻchatlari yetishtirish faoliyatini amalga oshirishiga javobgar tomon toʻsqinlik qilayotganini bildirgan. Daʼvo arizasida javobgar fuqarolarga 1758 tup daraxtni mahalliy hokimlik koʻrsatgan boshqa hududga koʻchirish majburiyatini yuklash soʻralgan.

FIB Zangiota tumanlararo sudining 2026-yil 26-fevraldagi hal qiluv qarori bilan daʼvo talabini qanoatlantirish rad etilgan. Zangiota tumani prokurori v.v.b. X.Ubaydullayev apellyatsiya protesti kiritib, hal qiluv qarorini bekor qilishni hamda daʼvo talabini qanoatlantirish haqida yangi hal qiluv qarori qabul qilishni soʻragan.

Shu tariqa, Toshkent viloyati sudi fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasining 2026-yil 10-iyuldagi ajrimi bilan dastlabki sud qarorini bekor qilib, yangi qaror chiqargan.

Unga koʻra, sud daʼvogar tomonning javobgar fuqarolarga 1758 tup daraxtni koʻchirish majburiyatini yuklash haqidagi daʼvo talabini qanoatlantirgan. Ajrim bilan “javobgar” MFY zimmasiga daraxtlarni koʻchirish majburiyati yuklangan. Daraxtlarni koʻchirish bilan bogʻliq xarajatlar daʼvogar zimmasiga yuklanishi belgilangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.