Toshkentda qurilishga berib yuborilgan bolalar va futbol maydonchasi aholiga qaytarildi

Toshkentda qurilishga berib yuborilgan bolalar va futbol maydonchasi aholiga qaytarildi
Toshkentning Uchtepa tumanida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi qurish uchun berib yuborilgan bolalar va futbol maydonchasi aholiga qaytarildi. Bu haqda 7-sentyabr kuni Prezident Xalq qabulxonasi ma’lum qildi.
Xabarda aytilishicha, tumandagi Quyi Darxon mahallasi Taqachi mavzesidagi 42-44-uylarda yashovchi fuqarolar 2014–2015-yillarda o‘z mablag‘lari hisobidan 2-3-uylar oralig‘ida joylashgan qarovsiz bo‘sh yerda hashar yo‘li bilan futbol va bolalar maydonchasi barpo etgan. Bir necha yil davomida shu hududda yashovchi fuqarolar hamda ularning farzandlari ushbu maydonchalardan foydalanib kelgan.
2026-yil mart oyida o‘zini Inter Express Service MCHJ vakillari deb tanishtirgan shaxslar bir necha bor Quyi Darxon mahallasiga kelib, mazkur hududda qurilish ishlari rejalashtirilganini bildirgan. Aholi bunga norozilik bildirib, 2026-yil 16-mart kuni Prezident Xalq qabulxonasiga murojaat yo‘llagan.
Murojaat Uchtepa tumani prokuraturasi tomonidan ko‘rib chiqilib, javob xatida 2018-yilda mazkur yer Uchtepa tumani hokimining 946-sonli qaroriga asosan Inter Express Service MCHJga savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasini qurish uchun ajratilgani, shuningdek, Davlat kadastrlar palatasi tomonidan 2025-yil 25-fevralda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, MCHJ nomiga rasmiylashtirilgani qayd etilgan.
O‘rganish jarayonida mazkur masalaga batafsil huquqiy baho berilmagani va quyidagi holatlar to‘liq tekshirilmagani sababli, Prezident Xalq qabulxonasi 17-iyun kuni murojaatni ijroga qaytargan: futbol va bolalar maydonchasi mavjud bo‘lgan hudud qanday asoslarda bo‘sh yer maydoni sifatida baholanib, tadbirkorlik subyektiga ajratilgan; yer uchastkasi 2018-yilda ajratilgan bo‘lishiga qaramasdan, nega hozirgi kunga qadar maqsadli foydalanilmagan.
Natijada Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining qaroriga ko‘ra, Inter Express Service MCHJning ushbu yer maydoniga bo‘lgan huquqi bekor qilindi.
Bosh prokuraturaga butun Toshkent shahri bo‘yicha bunday obyektlarni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazish topshirildi. Bolalar maydonchasi o‘rnida amalga oshirilgan qurilish ishlari yuzasidan esa jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘sha oyda Toshkentning Yashnobod tumanidagi turar joylar orasida boshlangan qurilish bekor qilinib, uning o‘rniga bolalar maydonchasi bunyod etiladigan bo‘ldi.

