Toshkentda yong‘inni o‘chirish vaqtida qutqaruvchi halok bo‘ldi
Uchtepa tumanining Quyi Darxon mahallasidagi uylardan birida yong‘in sodir bo‘ldi. Hodisa joyiga yetib borgan qutqaruvchilar yong‘inni bartaraf etish bilan bir qatorda, xonadonda bo‘lgan aholini zudlik bilan xavfsiz hududga evakuatsiya qilgan. FVV maxsus qutqaruv batalyoni otryad komandirining o‘rinbosari – guruh komandiri, kapitan Boburmirzo Pardayev yong‘inni bartaraf etish jarayonida halok bo‘lgan.

Toshkentda yong‘inni o‘chirish chog‘ida qutqaruvchi vafot etdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, 15-avgust kuni soat 3:41 da “112” tizimi orqali Toshkent shahar FVBB navbatchilik qismiga Uchtepa tumanining Quyi Darxon mahallasidagi uylardan birida yong‘in sodir bo‘layotgani haqida ma’lumot kelib tushgan. Toshkent shahar FVBB va FVV maxsus qutqaruv batalyoni qutqaruvchilari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, yong‘inni bartaraf etishga kirishgan.
Qutqaruvchilar yong‘inni o‘chirish bilan birga, xonadonda bo‘lgan aholini xavfsiz hududga evakuatsiya qilib, ularning hayotini saqlab qolishgan. FVV maxsus qutqaruv batalyoni otryad komandirining o‘rinbosari – guruh komandiri, kapitan Boburmirzo Pardayev ham insonlarni qutqarishda jasorat ko‘rsatgan. Biroq yong‘inni bartaraf etish jarayonida u qahramonlarcha halok bo‘lgan.
Kun.uz manbasining xabar berishicha, marhum yong‘in bo‘layotgan xonalardan birida o‘t o‘chirayotgan paytda uning ustiga yonib turgan uy to‘sini qulagan.
“U o‘z kasbining haqiqiy fidoyisi sifatida inson hayoti va xavfsizligini o‘z jonidan ustun qo‘yib, so‘nggi nafasiga qadar xizmat burchiga sodiq qoldi. Uning jasorati va fidoyiligi hamkasblari, qutqaruvchilik kasbi va yurtimiz ahli xotirasida hamisha saqlanib qoladi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati va shaxsiy tarkibi marhum qutqaruvchi Pardayev Boburmirzo Komiljon o‘g‘lining oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan.

