Toshkent tumani hokimi o‘rinbosari 25 ming dollar pora olayotganda ushlangani aytilmoqda
Toshkent tumani hokimi o‘rinbosari tadbirkordan 1 gektar yerni auksion orqali olib berish evaziga 25 ming dollar talab qilganlikda gumonlanib ushlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Toshkent tumani hokimi o‘rinbosari 25 ming dollar pora olayotganda qo‘lga olingani aytilmoqda
Toshkent viloyatining Toshkent tumani hokimi o‘rinbosari tadbirkordan yer olib berish evaziga 25 ming dollar talab qilganlikda gumon qilinmoqda, deya xabar bermoqda.
Tergov oldi surishtiruv ma’lumotlariga ko‘ra, mansabdor shaxs tadbirkorga qurilish texnologiyalari va kompozit eshiklar ishlab chiqarish sanoat majmuasi tashkil etishi uchun tuman hokimligi balansidagi 1 gektar yerni Davlat aktivlarini boshqarish tizimidagi tanishlari orqali auksion savdolariga chiqarib, yutib berishni va’da qilgan.
DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda gumonlanuvchi so‘ralgan pul mablag‘ini olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat bo‘yicha unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “g” bandi (Juda ko‘p miqdorda firibgarlik) hamda 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda pora berishda ishtirokchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozir tergov harakatlari davom etmoqda.

