To‘qayev “matbuot erkinligi kushandalari” ro‘yxatiga kiritildi
“Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti jurnalistlarga bosim o‘tkazish va matbuot erkinligini cheklashda ayblayotgan shaxslari ro‘yxatini e’lon qildi. Undan Tramp, Putin va Erdo‘g‘on ham joy olgan.

To‘qayev “matbuot erkinligi kushandalari” ro‘yxatiga kiritildi
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev ham “Matbuot erkinligi kushandalari” deb nomlangan ushbu ro‘yxatdan joy oldi.
“Ularni nima birlashtiradi? Matbuot erkinligiga nisbatan nafrat. Ularning qo‘llaydigan usullari turlicha, ammo maqsadi bir — mustaqil ovozlarni o‘chirish va axborot erkinligini oyoqosti qilish. Qotilliklar, qamoq jazolari, obro‘sizlantirish, targ‘ibot, internetdagi trollar armiyasidan foydalanish... Qarshi fikr bildirganlarni jim qilish uchun barcha vositalar ishga solinadi”, — deyiladi RSF e’lon qilgan bayonotda.
To‘qayev nima uchun ro‘yxatga kiritildi?
RSF Qozog‘iston prezidentini “Huquq” toifasiga joylashtirgan. Bu toifada Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on hamda hindistonlik tadbirkor Gautam Adaniga tegishli kompaniyalar guruhi ham bor. Tashkilotga ko‘ra, ushbu toifadagi shaxslar va tuzilmalar jurnalistlar hamda OAVga qarshi asossiz sud jarayonlarini qo‘zg‘atish orqali matbuot faoliyatiga to‘sqinlik qiladi.
Ro‘yxatda yana kimlar bor?
RSFning 2026-yilgi ro‘yxatiga AQSH prezidenti Donald Tramp ham kiritilgan. Tashkilot uni Amerika jurnalistikasini siyosiy kommunikatsiya vositasiga aylantirishga urinishda ayblagan. RSF ma’lumotiga ko‘ra, AQSH matbuot erkinligi reytingida 64-o‘rinda turibdi.
Ro‘yxatdan Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko va “Tolibon” yetakchisi Haybatulloh Oxunzoda ham o‘rin olgan.
Bundan tashqari, RSF Isroil mudofaa kuchlari, Xitoy Kommunistik partiyasi va Meksikadagi narkokartellarni jurnalistlarga bosim o‘tkazishda ayblagan.
Tashkilot ta’kidlashicha, Isroil hukumati G‘azo sektori, Iordan daryosining g‘arbiy sohili va Livanda jurnalistlarga nisbatan repressiv siyosat yuritmoqda. RSF Xitoyni jurnalistlar eng ko‘p qamoqqa olinadigan davlat sifatida ta’riflagan, Meksikada esa narkokartellar zo‘ravonligi jurnalistlar xavfsizligiga tahdid solayotganini bildirgan.
Ro‘yxatga Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon, Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy va Burkina-Fasodagi harbiy hukumat ham kiritilgan.
Iqtisodiy bosim bilan bog‘liq toifadan Alphabet va Meta texnologiya kompaniyalari, “Jamiyat” toifasidan esa Ilon Mask o‘rin olgan.
RSF ro‘yxati nimani anglatadi?
“Matbuot erkinligi kushandalari” ro‘yxati RSF tomonidan tuziladigan antireyting bo‘lib, tashkilot uning mutlaq xolislikka da’vo qilmasligini bildirgan.
RSF’ning Jahon matbuot erkinligi indeksidan farqli ravishda, ushbu ro‘yxat matbuot erkinligi yomonlashishiga mas’ul deb hisoblangan aniq shaxslar va tashkilotlarni ko‘rsatishga qaratilgan.
Tashkilotga ko‘ra, jurnalistlarga bosim qonunlar, tahdidlar, zo‘ravonlik, internetdagi manipulyatsiyalar yoki iqtisodiy vositalar orqali amalga oshirilishi mumkin. RSF ro‘yxatga kiritilganlarning barchasini jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik qilish va fuqarolarning mustaqil axborot olish huquqini cheklashga intilishda ayblaydi.

