To‘qayev rus tilini siyosiy masalaga aylantirmaslikka chaqirdi

To‘qayev rus tilini siyosiy mavzuga aylantirmaslikka chaqirdi
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev rus tilini siyosiylashtirmaslik kerakligini aytdi. Bu haqda u Rus tili bo‘yicha Xalqaro tashkiloti (MORYA) bosh kotibi Natalya Bocharova bilan uchrashuvda ma’lum qilgan.
Uchrashuvda tomonlar ta’lim, fan va madaniyat yo‘nalishlaridagi hamkorlikni muhokama qilgan. To‘qayev qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda tashkilotga a’zo barcha davlatlarning manfaatlarini inobatga olish zarurligini ta’kidlagan.
“Til odamlarni birlashtirishi, o‘zaro tushunishga xizmat qilishi kerak, siyosat predmetiga aylanmasligi lozim”, degan Qozog‘iston rahbari.
Bocharova esa tashkilot faoliyatini qo‘llab-quvvatlagani uchun To‘qayevga minnatdorlik bildirgan. To‘qayev rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilot tuzishni 2021-yil 28-dekabrda Sankt Peterburgda rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan muzokaralarda taklif qilgan edi. Bu tashabbusni Rossiya va Belarus qo‘llab-quvvatlagan.
MORYA boshqa davlatlar, jumladan, MDHdan tashqaridagi mamlakatlar uchun ham a’zolikka ochiq ekanini bildirgan.
21-sentyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin qozog‘istonlik hamkasbi bilan telefon orqali suhbatlashgan. Muloqot chog‘ida yetakchilar Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlarni, strategik sheriklik va ittifoqchilikni yanada jadal rivojlantirishga qat’iy ekanini bildirgan. Bundan tashqari, To‘qayev suhbat davomida rossiyalik hamkasbini Davlat Dumasiga saylovlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabriklagan. Saylovlarda “Yedinaya Rossiya” g‘alaba qozongan.
1-iyul kuni Qozog‘istonda respublika referendumi natijasida qabul qilingan yangi konstitutsiya kuchga kirgan. Asosiy o‘zgarish ikki palatali parlamentdan bir palatali qurultoyga o‘tish bo‘lgan. Bundan tashqari, yangi konstitutsiya Qozog‘istonda rus tilining rasmiy maqomini mustahkamlagan.

