Dunyo

To‘qayev qozog‘istonliklarni quchoqlashish va o‘pishishni an’anaviy etikaga almashtirishga chaqirdi

To‘qayev qozog‘istonliklarni quchoqlashish va o‘pishish o‘rniga an’anaviy odob-axloq qoidalariga amal qilishga chaqirdi

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev erkaklarning quchoqlashishini tanqid qilib, milliy odob-axloq qoidalariga rioya etishga undadi. Prezident bu haqda yangi bir palatali parlament – Qurultoyga o‘tkazilgan saylovda ovoz berganidan so‘ng jurnalistlarga ma’lum qildi.

Davlat rahbari uchrashganda erkaklarning quchoqlashib, o‘pishish odatini qoralab, buni qozoq urf-odatlariga zid deb atadi.

“Erkaklarning bir-biri bilan quchoqlashib, o‘pishishi, ayollarning erkaklarni, erkaklarning esa ayollarni o‘pishi to‘g‘ri emas. Bu hech qachon bizning urf-odatlarimizga kirmagan”, dedi u.

Prezident, ayniqsa, harbiylar o‘rtasidagi bunday harakatlarga alohida e’tibor qaratdi.

“Generallar bir-biri bilan quchoqlashishni boshlamoqda. Bu nima ahvol?”, dedi To‘qayev.

Prezident Ikkinchi jahon urushida g‘alaba qozongan marshallarni misol qilib keltirdi va ularni quchoqlashgan holda tasavvur qilib bo‘lmasligini qo‘shimcha qildi. Qosim-Jo‘mart To‘qayevning ta’kidlashicha, erkaklar qo‘lini mahkam qisib ko‘rishishi, juda quvonchli vaziyatlarda esa o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘yishi kerak.

“Erkaklar qo‘lini issiq kotleta yoki shox-shabba uzatgandek emas, mahkam qisib ko‘rishishi lozim”, dedi Qozog‘iston rahbari.

Shuningdek, prezident yoshlar va kattalar uchun an’anaviy muloqot me’yorlarini belgilab beruvchi yangi odob-axloq kodeksini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surganini e’lon qildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.