Dunyo

Moskvaga «sezdirmay borgan» Ratkliff. AQSH bosh razvedkachisi kim?

Avgust oxirida AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Ratkliffning Rossiyaga kutilmagan tashrifi katta shov-shuvga sabab boʻldi. MRB direktori urush boshlangach, ilk marta Rossiyaga bordi. Ratkliff koʻzga tashlanmaydigan, sirli mulozim. Shu bois uning tashrifi OAVda katta qiziqish uygʻotdi. Shu bahonada biz ham dunyodagi eng qudratli razvedka tashkilotini kim boshqarayotganiga toʻxtalamiz.

Moskvaga «sezdirmay borgan» Ratkliff. AQSH bosh razvedkachisi kim?

Kinolarda «TSRU» deb eshitishga odatlanganingiz bu idora, shubhasiz, dunyodagi eng qudratli tashkilotlardan biri. Uning vazifasi tashqi razvedka bilan shugʻullanish. Ammo MRB faqat razvedka bilan cheklanmasligi, Amerika manfaatlari toʻqnashgan mamlakatlarda maxfiy operatsiyalar ham oʻtkazishini o‘sha kinolarda ham ko‘p bora ko‘rgansiz.

MRBning yillik byudjeti 30 mlrd dollarga yetadi, xodimlari soni esa 20 mingdan oshadi. Shunga qaramay, u boshqa davlat razvedkalaridan farqli ravishda harbiy emas, fuqarolik tashkiloti hisoblanadi. Bugungi qahramonimiz Jon Ratkliff Trampning birinchi prezidentlik davrida Milliy razvedka direktori bo‘lgan. Ikkinchi muddatida esa MRB direktori sifatida faoliyat yuritmoqda.

1965-yilda o‘qituvchi oilasida tug‘ilgan Jon maktabni bitirgach, Notr-Dam universitetida huquqshunoslik yo‘nalishida tahsil oladi. Keyinchalik huquqshunoslik bo‘yicha doktorlik darajasini ham oladi. Tabiiyki, bir necha yil davomida huquqshunos sifatida ishlaydi.

2004-yilda qahramonimizning siyosiy faoliyati boshlanadi. U Texas shtatidagi Hit shaharchasi merligi uchun saylovda g‘olib chiqadi. Keyingi saylovlarda ham yutib, shaharchani 2012-yilgacha boshqaradi. Merlik faoliyatini boshlagan 2004-yildan boshlab Texas Sharqiy Okrugi prokuraturasida kichik Jorj Bush ma’muriyatining terrorizmga qarshi kurash va milliy xavfsizlik bo‘yicha vakiliga aylanadi.

2008-yilda Ratkliff AQSH hukumatining terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha maslahatchisiga aylanadi. 2009-2014 yillarda u xususiy kompaniya ta’sischisi sifatida asosan prezidentlik va gubernatorlik saylovlarida qatnashayotgan shaxslarga huquqiy yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

2014-yilda respublikachi Ratkliff Texasdan Vakillar palatasiga saylanadi. Uning saylov kompaniyasi uchun 400 ming dollar yig‘iladi. Donorlardan biri AQSH sobiq bosh prokurori Jon Eshkroft edi. 2018-yilda Ratkliff AQSH bosh prokurori bo‘lishi haqida yozishadi, biroq Tramp unga bundan ham kattaroq lavozim tayyorlab qo‘ygandi. Prezident Tramp Milliy razvedka idorasining o‘zi bilan kelishmay qolgan direktori Den Koutni iste’foga chiqarib, uning o‘rniga Jon Ratkliff nomzodini ko‘rsatadi.

Senatorlar Ratkliff haqida yetarli ma’lumotga ega emas edi, shu sababli Senat uning nomzodini qo‘llab-quvvatlamaydi. 2020-yil fevralda Tramp Ratkliff nomzodini Milliy razvedka idorasi direktori lavozimi uchun ikkinchi bor ilgari suradi. Bu safar Senat tasdiqlaydi va 44 yoshli Ratkliff AQSHdagi eng muhim tashkilotlardan biriga rahbar bo‘ladi. Biroq uning rahbarligi uzoq davom etmaydi. Tramp saylovda yutqazgach, Ratkliff ham lavozimini tark etadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.