Tixanovskaya Lukashenko bilan siyosiy muloqotga qarshi chiqdi
Belarus demokratik kuchlari yetakchisi Svetlana Tixanovskaya AQShning Minskdan kaliyli oʻgʻitlar sotib olish boʻyicha yirik bitim tayyorlayotgani fonida Belarus hukumati bilan savdo kelishuvlari tuzmaslikka chaqirdi. U siyosiy mahbuslarni ozod qilishga qaratilgan saʼy-harakatlar Aleksandr Lukashenkoga siyosiy yon berishga aylanmasligi kerakligini taʼkidladi.

Tixanovskaya Lukashenko bilan siyosiy muloqotga qarshi chiqdi
Tixanovskaya 22-sentabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi doirasida DW nashriga intervyu berdi.
«Mening murojaatim shunday: hozir diktatorlar bilan savdo qilish vaqti emas», - dedi u.
Tixanovskaya AQSH prezidentining maxsus vakili Jon Koulga Belarus qamoqxonalaridan yana 25 nafar siyosiy mahbusni ozod qilish yoʻlidagi saʼy-harakatlari uchun minnatdorlik bildirdi. Biroq bu jarayon Lukashenkoni Belarus prezidenti sifatida tan olishga olib kelmasligi kerakligini aytdi.
«Humanitar yoʻnalish siyosiy tus olishiga, Lukashenko Belarus prezidenti sifatida tan olinishiga yoʻl qoʻymaslik muhim. Chunki xalq uni qoʻllab-quvvatlamaydi. Hozir Lukashenko bilan muloqot boshlash vaqti emas, chunki u xalqaro maydonda yakkalanib qolgan. U nafaqat oʻz xalqini bostirmoqda, balki Rossiyaga Ukrainaga qarshi urushda ham yordam bermoqda», - dedi Tixanovskaya.
Belarus muxolifati yetakchisi Donald Tramp maʼmuriyati Lukashenkoga «haddan tashqari yon bermasdan» barcha siyosiy mahbuslarni ozod qilishga erisha olishiga umid bildirdi.
Tixanovskaya Belarusdagi vaziyat butun mintaqa xavfsizligi bilan bogʻliq ekanini taʼkidladi. U demokratik davlatlarni Ukrainaga koʻmak berish bilan birga, Belarus taqdirini ham eʼtibordan chetda qoldirmaslikka chaqirdi.
«Ukrainaga urushda gʻalaba qozonishi uchun zarur boʻlgan barcha narsani berish bilan birga, Belarusni ham nazardan qochirmaslik kerak. Ukraina inqirozini hal qilishda Belarus omilini ham hisobga oling. Biz mamlakatimiz mustaqilligini yoʻqotishiga yoʻl qoʻya olmaymiz. Lukashenko suverenitetimizni Rossiyaga sotmoqda va biz Belarusni qutqarishimiz kerak», - dedi u.
DW xabariga koʻra, 21-sentabr kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Belarusdan kaliyli oʻgʻitlar sotib olish boʻyicha yirik bitim tayyorlanayotganini maʼlum qilgan.
«Narx hozir Kanadaga toʻlayotganimizdan ancha past boʻladi», - degan Tramp. U boʻlajak kelishuvni amerikalik fermerlar va chorvadorlar uchun «ajoyib yangilik» deb atagan.

