Mahalliy

Tibbiyotda ordinaturaga qabul 2027-yildan toʻxtatiladi

Oʻzbekistonda tor soha tibbiyot mutaxassislarini tayyorlashda klinik ordinatura negizida xalqaro standartlarga mos rezidentura dasturlari bosqichma-bosqich joriy etiladi. 2027-2028 oʻquv yilidan tor soha mutaxassislarini tayyorlash toʻliq rezidentura orqali amalga oshirilib, ordinaturaga qabul toʻxtatiladi.

Tibbiyotda ordinaturaga qabul 2027-yildan boshlab toʻxtatiladi

Bu holat tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan prezident farmonida belgilangan.

Hujjatga muvofiq, rezidentura dasturlarining muddati mutaxassisliklarga qarab farqlanadi va ular xalqaro standartlar asosida yoʻlga qoʻyiladi.

Rezidenturada tor yoʻnalish mutaxassislarini tayyorlash davlat tibbiyot taʼlim tashkilotlari hamda tibbiyot muassasalarida davlat granti asosida amalga oshiriladi.

2026-2027 oʻquv yilidan boshlab oilaviy tibbiyot yoʻnalishi boʻyicha rezidentura tashkil etiladi. Ushbu dasturni yakunlagan bitiruvchilarga oilaviy shifokor mutaxassisligi beriladi.

2027-2028 oʻquv yilidan esa tor soha mutaxassislarini tayyorlash toʻliq rezidentura tizimiga oʻtkaziladi va klinik ordinaturaga qabul toʻxtatiladi.

Shuningdek, tibbiyot yoʻnalishidagi tor soha mutaxassisliklari boʻyicha magistraturaga umumiy davlat buyurtmasi asosida qabul parametrlari qisqartiriladi. Ordinaturaga qabulni toʻxtatish hamda magistratura qabul parametrlarini kamaytirish hisobiga bo‘shaydigan mablagʻlar rezidenturada mutaxassislar tayyorlashga yoʻnaltiriladi.

Davlat granti asosida rezidenturaga qabul qilingan talabalarga davlat byudjeti hisobidan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 2,15 baravari miqdorida stipendiya toʻlanadi.

Rezidentura taʼlim dasturini muvaffaqiyatli oʻzlashtirgan bitiruvchilarga Taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi va Milliy malakalar ramkasining 7-darajasiga mos keluvchi davlat namunasidagi diplom beriladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.