Oʻzbekistonda shifokorlarni tayyorlash tizimi oʻzgartiriladi
2027/2028 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston tibbiyot oliygohlaridagi «Davolash ishi» yoʻnalishini olti yillik «Umumiy tibbiyot» dasturiga oʻzgartirish taklif etilmoqda. Beshinchi yil yakuniy akademik bosqich boʻladi, oltinchi yil esa toʻliq amaliyotga bagʻishlanadi. Bitiruvchilar oilaviy shifokor boʻlib ishlashlari mumkin boʻladi.

Oʻzbekistonda shifokorlarni tayyorlash tizimi oʻzgartiriladi
4 sentyabr kuni Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika kadrlarini tayyorlashni isloh qilish boʻyicha takliflar bilan tanishdi.
2027/2028 oʻquv yilidan boshlab «Davolash ishi» yoʻnalishini olti yillik «Umumiy tibbiyot» bakalavriat dasturiga oʻzgartirish taklif etilmoqda. Besh yillik oʻqishdan soʻng talabalar toʻliq bir yil amaliy tayyorgarlikdan oʻtadilar, bitiruvchilar esa oilaviy shifokor boʻlib ishlashlari mumkin boʻladi.
Tibbiyot oliy oʻquv yurtlariga qabul kvotalarini hududlar va tibbiyot muassasalarining ehtiyojlari, shuningdek, mutaxassislar tanqisligini hisobga olgan holda belgilash rejalashtirilmoqda. Tibbiyot yoʻnalishlari boʻyicha davlat buyurtmasini Sogʻliqni saqlash vazirligi tasdiqlaydi.
Shifokorlarni tayyorlashni asosan nazariy taʼlimdan amaliy koʻnikmalar va kasbiy kompetentsiyalarni rivojlantirishga yoʻnaltirish koʻzda tutilgan. Takliflar Kembrij, Pensilvaniya va Garvard universitetlari tavsiyalari asosida, xorijiy va mahalliy mutaxassislar ishtirokida tayyorlangan.
Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori Shuhrat Boymurodovning maʼlum qilishicha, taʼlimning taxminan 70 foizini amaliyotga va kasbiy kompetentsiyalarni baholashga yoʻnaltirish rejalashtirilmoqda.
«Tibbiy taʼlimda mazmun jihatidan oʻzgarishlar yuz beradi. […] „Davolash ishi“ yoʻnalishi negizida „Umumiy tibbiyot“ yoʻnalishi joriy etilmoqda. Talabalarni tayyorlash Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va Butunjahon tibbiy taʼlim federatsiyasi talablariga muvofiqlashtiriladi», — dedi u.
Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Adham Xudayqulov oʻzgarishlar tibbiyot xodimlarini tayyorlashning butun yoʻlini — maktabdagi kasbga yoʻnaltirishdan tortib rezidenturagacha qamrab olishi kerakligini taʼkidladi.
Tibbiyot kollejlarida dasturlarni, moddiy-texnika bazasini va amaliyotni tashkil etishni yangilash rejalashtirilmoqda. Maktablarda tibbiyot ixtisosliklariga qiziquvchi oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirishni kuchaytirish koʻzda tutilgan.
Tor soha mutaxassislarini tayyorlashni bosqichma-bosqich rezidentura tizimida jamlash, magistraturani esa asosan ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashga qayta yoʻnaltirish rejalashtirilmoqda.
Adham Xudayqulovning soʻzlariga koʻra, rezidenturada oʻqish ixtisoslikka qarab ikki yildan besh yilgacha davom etishi mumkin.
«Yana bir yangilik — rezidentura toʻliq davlat granti hisobidan moliyalashtiriladi. […] Endilikda mutaxassislar bir vaqtning oʻzida ishlashlari, munosib ish haqi olishlari, oʻqishga koʻproq eʼtibor qaratishlari va malakali shifokor boʻlib yetishishlari uchun rezidenturani toʻliq davlat grantiga oʻtkazish rejalashtirilmoqda», — dedi vazir oʻrinbosari.
Oʻzgarishlar oʻrta tibbiyot xodimlariga ham daxldor boʻladi. Oliy maʼlumotli hamshiralarning rolini kengaytirish koʻzda tutilgan: ular shifokorlarga kasalliklarni tashxislash, davolash va profilaktika qilishda faolroq yordam berishlari taxmin qilinmoqda.
Farmatsevtika taʼlimini ishlab chiqarish bilan yanada uzviy bogʻlash rejalashtirilmoqda. Buning uchun dual taʼlimni kengaytirish, amaliy mashgʻulotlar ulushini oshirish va talabalarni dori vositalarini ishlab chiqishdan tortib sifat nazorati va standartlashtirishgacha boʻlgan ishlab chiqarish jarayonlariga jalb etish koʻzda tutilgan.
Alohida tartibda malaka oshirish tizimini oʻzgartirish taklif etilmoqda. Oliy maʼlumotli tibbiyot va farmatsevtika xodimlari har yili kamida 50 kredit, oʻrta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari esa 28 kredit toʻplashlari kerak boʻladi.
TDTU bolalar kardioxirurgi Bobur Toʻrayev bunday tizimning zarurligini tibbiy bilim va texnologiyalarning tez yangilanib borishi bilan izohladi.
«Tibbiyot — bu doimiy ravishda oʻzgarib turadigan soha. Yildan-yilga amaliyotga yangi davolash va tashxislash usullari kirib kelmoqda, mutaxassis diplom olayotganda oʻrgangan tibbiyot esa bir necha yil ichida oʻzgarib ketishi mumkin», — dedi u.
Kreditlarni nafaqat malaka oshirish kurslarida, balki konferentsiyalarda ishtirok etish, onlayn taʼlim olish va bevosita ish joyida malaka oshirish orqali ham olish mumkin boʻladi.
Ushbu tizimni muvofiqlashtirish uchun Uzluksiz kasbiy rivojlanish markazini tashkil etish taklif qilinmoqda.

