Oʻzbekistonda oliy tibbiy taʼlim tizimi isloh qilinadi

Oʻzbekistonda oliy tibbiy taʼlim tizimini keng koʻlamli yangilash boshlanadi. «Davolash ishi» yoʻnalishi 5+1 modeli boʻyicha olti yillik «Umumiy tibbiyot» dasturiga aylantiriladi: besh yil oʻqish va bir yil klinik amaliyot.
Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, taʼlim dasturlarini oʻzlashtirishga yagona talablar joriy etilmoqda: minimal oʻtish balli shifokorlik mutaxassisliklari uchun 70 foizni, oʻrta tibbiyot xodimlarini tayyorlash uchun esa 60 foizni tashkil etadi. Toʻlov-kontrakt shakliga maksimal ballning kamida 60 foizini toʻplaganda kirish mumkin boʻladi.
Bakalavriat dasturlariga qabul parametrlari sogʻliqni saqlash tizimining real ehtiyojidan kelib chiqib belgilanadi. Tibbiyot oliygohlari oʻz klinik bazalariga ega boʻlishi yoki ularga klinik bazalar biriktirilishi shart boʻladi. Oʻquv jarayoniga dalillarga asoslangan tibbiyot tamoyillari va simulyatsion markazlarda oʻqitish joriy etiladi.
2027/2028 oʻquv yilidan boshlab tor soha shifokorlarini tayyorlash toʻliq rezidentura orqali amalga oshiriladi. Klinik ordinaturaga qabul toʻxtatiladi. Magistratura tor mutaxassislarni tayyorlash bosqichi boʻlishni toʻxtatadi va faqat ilmiy hamda pedagogik kadrlarni tayyorlashga yoʻnaltiriladi.
Rezidentura davlat granti asosida moliyalashtiriladi. Kvotalar hududlar ehtiyoji va kadrlar taqchilligini hisobga olgan holda tasdiqlanadi. Rezidentlarga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 2,15 baravari miqdorida oshirilgan stipendiya tayinlanadi. Bitiruvchilar doktoranturada oʻqish huquqini beruvchi Milliy malaka ramkasining 7-darajali diplomini oladilar.
Shuningdek, Oʻzbekistonda 2030 yildan boshlab tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni majburiy qilish taklif etildi. Kelajakda roʻyxatdan oʻtmagan mutaxassislar tibbiy yoki farmatsevtik faoliyat bilan shugʻullana olmaydilar.

