O‘zbekistondagi xorijiy talabalarning yarmidan ko‘pi hindistonliklar, ularning asosiy qismi tibbiyot yo‘nalishida tahsil oladi
O‘zbekistonda 2025-yil holatiga 24 647 nafar xorijiy talaba tahsil olmoqda. Ularning 13 060 nafari — Hindiston, 4884 nafari esa Turkmaniston fuqarolari. Talabalarning 46,9 foizi Toshkentda, asosiy qismi esa 17−25 yosh oralig‘ida tahsil oladi. Ularning asosiy qismi tibbiyot yo‘nalishida o‘yimoqda.

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi O‘zbekistonda tahsil olayotgan xorijiy talabalar bo‘yicha tahlil e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2025-yil holatiga mamlakat oliy ta’lim muassasalarida 24 647 nafar xorijiy talaba o‘qimoqda.
Xorijiy talabalar uch guruhga bo‘lingan: T₁, T₂ va T₃. Ularning 16 175 nafari (65,6 foizi) T₃ guruhiga, ya’ni Jahon banki tasnifidagi boshqa davlatlar fuqarolariga to‘g‘ri keladi. Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari bo‘lgan T₂ guruhiga 7323 nafar (29,7 foiz) talaba kiradi. Yuqori daromadli davlatlar fuqarolarini o‘z ichiga olgan T₁ guruhida esa 1149 nafar (4,7 foiz) talaba bor.
Tahlilga ko‘ra, T₃ guruhining ko‘pligi Janubiy Osiyo mamlakatlaridan, ayniqsa, tibbiyot yo‘nalishlariga bo‘lgan yuqori talab bilan izohlanadi. T₂ guruhi ulushining salmoqliligi esa Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ta’lim hamkorligi, geografik yaqinlik, tarixiy-madaniy aloqalar va talabalar akademik mobilligining yuqori darajasi bilan bog‘liq.
Agentlik tahlilida qayd etilishicha, T₁ guruhiga mansub yuqori daromadli davlatlardan kelgan talabalar ulushining nisbatan pastligi oliy ta’lim tashkilotlarining ushbu mamlakatlar ta’lim bozoridagi ishtirokini kengaytirish, xalqaro akademik nufuzini oshirish va ta’lim xizmatlarini diversifikatsiya qilish zarurligini ko‘rsatadi.
Xorijiy talabalar kontingenti 50 dan ortiq davlat fuqarolaridan shakllangan bo‘lsa-da, tarkib bir xil emas. Eng katta ulush Hindiston fuqarolariga to‘g‘ri kelib, ularning soni 13 060 nafarni, ya’ni umumiy kontingentning yarmidan ortig‘ini tashkil etadi.
Keyingi o‘rinlarda Turkmaniston (4 884 nafar), Pokiston (1 165 nafar) va Qozog‘iston (1 129 nafar) fuqarolari qayd etilgan. Shuningdek, Rossiya (863 nafar), Tojikiston (740 nafar), Qirg‘iz Respublikasi (571 nafar), Xitoy (564 nafar), Misr (482 nafar), Ozarbayjon (217 nafar), Janubiy Koreya (190 nafar), Iordaniya (157 nafar) va Afg‘oniston (147 nafar) fuqarolari ham tahsil olmoqda.
Tahlilga ko‘ra, bu holat O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi xorijiy talabalarni jalb qilishda tobora kengroq xalqaro qamrovga ega bo‘lib borayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, oqim hozirgi bosqichda asosan Janubiy Osiyo hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari hisobiga shakllanmoqda — Hindiston fuqarolarining yuqori ulushi tibbiyot ta’limiga bo‘lgan xalqaro talab bilan, mintaqa davlatlari fuqarolarining salmoqli ishtiroki esa geografik yaqinlik va akademik mobillik bilan izohlanadi.
Xorijiy talabalarning 11 556 nafari, ya’ni 46,9 foizi Toshkent shahrida tahsil olmoqda — bu kontingentning qariyb yarmi poytaxtda jamlanganini anglatadi. Keyingi o‘rinlarda Samarqand (4 382 nafar), Buxoro (2 879 nafar), Farg‘ona (1 809 nafar), Andijon (1 495 nafar) va Xorazm (1 407 nafar) viloyatlari turadi.
Ushbu olti hudud jami xorijiy talabalarning 95,5 foizini, ya’ni 23 528 nafarini qamrab oladi. Qolgan hududlarda ko‘rsatkich sezilarli darajada past — Surxondaryoda 394, Toshkent viloyatida 183, Namanganda 176, Sirdaryoda 141, Navoiyda 114, Qashqadaryoda 72, Jizzaxda 23, Qoraqalpog‘istonda esa atigi 16 nafar xorijiy talaba qayd etilgan.
Xorijiy talabalar soni eng yuqori bo‘lgan 10 ta oliy ta’lim tashkiloti hissasiga 20 200 nafar, ya’ni umumiy kontingentning 81,96 foizi to‘g‘ri keladi. Ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha asosiy konsentratsiya tibbiyot sohasida kuzatilib, bu yo‘nalishdagi oliy ta’lim tashkilotlarida 15 656 nafar xorijiy talaba tahsil olmoqda. Bu ko‘rsatkich — tibbiyot OTMlarida tahsil olayotgan barcha talabalar (mahalliy va xorijiy) umumiy sonining 14,32 foizini tashkil etadi.
Shuningdek, xorijiy talabalarning 22 685 nafari, ya’ni 92,04 foizi davlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olmoqda. Bu kontingentning mulkchilik shakllari bo‘yicha ham notekis taqsimlanganini ko‘rsatadi.
Tahlil xulosalariga ko‘ra, aniqlangan hududiy, tashkiliy va ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha farqlar xorijiy talabalarni jalb qilish siyosatini hududlar va oliy ta’lim tashkilotlari xususiyatlarini hisobga olgan holda diversifikatsiya qilish zarurligini ko‘rsatadi.
Xorijiy talabalarning yosh tarkibi tahlili HEMIS axborot tizimida yoshga oid ma’lumotlari to‘liq shakllangan 24 647 ta yozuv asosida amalga oshirildi. Natijalarga ko‘ra, xorijiy talabalarning asosiy qismi 21−25 yosh va 17−20 yosh guruhlariga to‘g‘ri keladi.
Xususan, 21−25 yosh toifasida 12 691 nafar (51,5 foiz), 17−20 yosh toifasida esa 8 787 nafar (35,7 foiz) xorijiy talaba qayd etilgan. Bu ikki yosh guruhi xorijiy talabalarning 87,2 foizini tashkil etib, asosan bakalavriat va magistraturada tahsil olayotgan an’anaviy talabalarga to‘g‘ri keladi.
Qolgan yosh toifalarida 26−30 yosh guruhiga 2 000 nafar (8,1 foiz), 31−40 yosh guruhiga 916 nafar (3,7 foiz), 41−50 yosh guruhiga 204 nafar (0,8 foiz) va 51−70 yosh guruhiga 49 nafar (0,2 foiz) xorijiy talaba to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkichlar 30 yoshdan yuqori bo‘lgan xorijiy talabalar ulushi nisbatan past ekanini ko‘rsatadi.
Yosh guruhlari kesimida gender tarkibi ham tahlil qilindi. 17−20 yosh toifasida 4 942 nafar ayol va 3 845 nafar erkak, 21−25 yosh toifasida 5 697 nafar ayol va 6 994 nafar erkak tahsil olmoqda.
26−30 yosh toifasida 810 nafar ayol va 1 190 nafar erkak, 31−40 yosh toifasida 515 nafar ayol va 401 nafar erkak qayd etilgan. 41−50 yosh toifasida 122 nafar ayol va 82 nafar erkak, 51−70 yosh toifasida esa 15 nafar ayol va 34 nafar erkak tahsil olmoqda.
Yosh guruhlari kesimida ayollar va erkaklar ulushida ayrim farqlar kuzatilsa-da, umumiy hisobda gender tarkibi nisbatan muvozanatli shakllangan. Jami hisobda 12 101 nafar (49,1 foiz) ayol va 12 546 nafar (50,9 foiz) erkak qayd etilgan bo‘lib, bu xorijiy talabalar kontingentida sezilarli gender nomutanosibligi mavjud emasligini ko‘rsatadi.
Tahlil natijalari mamlakat oliy ta’lim tizimida xorijiy talabalar kontingentini yanada kengaytirish uchun bir qator amaliy imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatadi. Xorijiy talabalar sonining shakllangan bo‘lishiga qaramay, ularning asosiy qismi ayrim ta’lim yo‘nalishlari, hududlar va oliy ta’lim tashkilotlarida jamlangani qayd etilgan.
Birinchi navbatda, xorijiy talabalarni jalb qilishda tibbiyot ta’limida shakllangan tajribani muhandislik, raqamli texnologiyalar, iqtisodiyot, pedagogika, agrar va boshqa yo‘nalishlarga moslashtirish tavsiya etiladi. Bu xorijiy talabalar geografiyasini diversifikatsiya qilishga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, xorijiy tillarda, ayniqsa ingliz tilida tashkil etilgan ta’lim dasturlarini ko‘paytirish muhim shart sifatida ko‘rsatilgan. Bunda o‘quv rejalari, fan sillabuslari, qabul talablari va akademik xizmatlarning xalqaro standartlarga moslashtirilishi zarurligi ta’kidlangan.
Uchinchidan, xorijiy abituriyentlar uchun ochiq, tushunarli va ko‘p tilli axborot resurslarini rivojlantirish, shu jumladan ta’lim dasturlari, kontrakt shartlari, viza va ma’muriy masalalar bo‘yicha ma’lumotlarni tizimli taqdim etish tavsiya etiladi.
To‘rtinchidan, xorijiy talabalar bilan ishlash bo‘limlari, maslahat xizmatlari, turar joy va tibbiy xizmatlar, til va madaniy integratsiya kurslari kabi akademik va maishiy qo‘llab-quvvatlash infratuzilmasini rivojlantirish muhim ahamiyatga ega ekani qayd etilgan.
Beshinchidan, HEMIS axborot tizimida xorijiy talabalarga oid ma’lumotlarni to‘liq va bir xil mezonlar asosida kiritish hamda muntazam verifikatsiya qilish tavsiya etilgan — bu tahlil natijalarining ishonchliligini va boshqaruv qarorlari sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Umuman olganda, mazkur yo‘nalishlarda tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish oliy ta’lim tizimining xalqaro jozibadorligini oshirish va xorijiy talabalar geografiyasini kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlangan.

