O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi
O‘zbekistonda xorijiy OTMlar soni so‘nggi o‘n yilda keskin ko‘paydi. Ayniqsa, 2020-yildan keyin o‘sish tezlashgan

O‘zbekistonda xorijiy oliy ta’lim muassasalari soni so‘nggi o‘n yilda 4,3 barobarga ko‘paydi.
Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 30 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat ko‘rsatgan. Bu ko‘rsatkich 2015/2016-o‘quv yilidagi 7 taga nisbatan 4,3 barobar ko‘pdir. Demak, o‘n yil ichida mamlakatdagi xorijiy OTMlar soni 23 taga oshgan.
Xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni 2005/2006-o‘quv yilida atigi 2 tani tashkil etgan. 2010/2011-o‘quv yiliga kelib esa bu raqam 6 taga yetgan.
2015/2016-o‘quv yilida mamlakatda 7 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, keyingi besh yillik davrda ularning soni sezilarli darajada o‘sgan. 2020/2021-o‘quv yili boshida xorijiy OTMlar soni 18 taga yetgan, bu 2015/2016-o‘quv yiliga nisbatan 11 taga ko‘proqdir.
Shuningdek, 2020/2021-o‘quv yilidan 2025/2026-o‘quv yiliga qadar xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni yana 12 taga oshib, umumiy soni 18 tadan 30 taga yetgan.

