Tibbiyot kadrlarini tayyorlash tizimi tubdan o‘zgartiriladi
Tibbiyot sohasining barcha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida bitiruvchi kurs talabalari uchun to‘liq o‘quv yili davomida amaliyot

Tibbiyot kadrlarini tayyorlash tizimi tubdan o‘zgartiriladi
Tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimi tubdan takomillashtiriladi.
«Tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni (PF–191-son, 10.09.2026-y.) qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tibbiyot ta’limi uchun ajratiladigan davlat buyurtmasi parametrlari ta’lim yo‘nalishlari kesimida Sog‘liqni saqlash vazirligi (Vazirlik) tomonidan tasdiqlanadi.
Aholi salomatligini tahlil qilish ilmiy-tadqiqot markazi tibbiyot va farmatsevtika kadrlariga bo‘lgan joriy hamda istiqboldagi ehtiyojni o‘rganish bo‘yicha asosiy ishchi organ hisoblanadi;
- qabul ko‘rsatkichlari tibbiyot va farmatsevtika kadrlariga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojdan kelib chiqib, hududlar ehtiyoji, tibbiyot tashkilotlarining ehtiyoji hamda tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar yetishmovchiligini hisobga olgan holda shakllantiriladi.
2027/2028 o‘quv yilidan tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim tashkilotlarida:
- davolash ishi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi negizida «5+1» shaklidagi (bitiruvchi kurs talabalari bir yil to‘liq amaliyot o‘tashi shaklida) 6 yillik umumiy tibbiyot bakalavriat ta’lim yo‘nalishi joriy etiladi;
- amalda davolash ishi bakalavriat ta’lim yo‘nalishining tegishli bosqichlarida tahsil olayotgan talabalarning o‘quv jarayonlari yangi moslashtirilgan o‘quv reja va dasturlar asosida tashkil etiladi;
- umumiy tibbiyot bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bitiruvchilari umumiy amaliyot shifokori kvalifikatsiyasiga ega bo‘ladi va ular belgilangan tartibda oilaviy shifokor lavozimida faoliyat yuritishi mumkin bo‘ladi;
- tibbiyot sohasining barcha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida bitiruvchi kurs talabalari uchun to‘liq o‘quv yili davomida amaliyot o‘tash tizimi joriy etiladi;
- stomatologiya yo‘nalishida talabalarning amaliy mashg‘ulotlarini tashkil etish maqsadida tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga stomatologiya poliklinikalari biriktirib beriladi.

